"Talabalarning eng yaxshi innovatsion biznes loyihasi"

 
Toshkent axborot texnologiyalari universitetida "Talabalarning eng yaxshi innovatsion biznes loyihasi" tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lim o‘tdi.
 
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad – oliy o‘quv yurtlari talabalarini innovatsion biznes loyihalarni amalga oshirish jarayoniga jalb etish, mamlakatimizda dasturiy mahsulotlar sanoati va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirishga ko‘maklashishdir. 
 
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi A.Shayxov, "Aloqabank" ochiq aksiyadorlik-tijorat banki boshqaruvi raisi o‘rinbosari Sh.Bahriddinov, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti prorektori T.Teshaboyev va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida barcha jabhalar, jumladan, axborot kommunikatsiya-texnologiyalari sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash borasida samarali chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Davlatimiz rahbarining 2013-yil 26-martda qabul qilingan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori shu maqsadga xizmat qilmoqda. Mazkur qarorga muvofiq, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kadrlarni o‘qitishning milliy dasturi va standartlari ishlab chiqildi.
 
Bugungi kunda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning Farg‘ona, Urganch, Samarqand, Qarshi hamda Nukus filiallarida 10 ming nafardan ziyod talaba sakkiz yo‘nalishda bakalavriat va besh mutaxassislik bo‘yicha magistratura bosqichlarida ta’lim olmoqda. Ushbu o‘quv muassasalarida talabalar zarur nazariy bilim va amaliy ko‘nikmaga ega bo‘lishi, iste’dod va ijodiy qobiliyatini yuzaga chiqarishi, ilmiy izlanishlar olib borishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Jumladan, talabalar 49 davlat granti, turli tashkilot hamda korxonalar bilan imzolangan 64 xo‘jalik shartnomasi bo‘yicha o‘tkazilayotgan amaliy va fundamental tadqiqotlarda ishtirok etmoqda. Buning samarasida o‘tgan yili Toshkent axborot texnologiyalari universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalari tomonidan dasturiy mahsulotlarga yigirmata mualliflik guvohnomasi va yangi ixtiro uchun ikkita patent olindi.
 
Iqtidorli talabalarning so‘nggi ishlanmalari "Talabalarning eng yaxshi innovatsion biznes loyihasi" tanlovida ham namoyish etildi. Ushbu tanlov shartlariga muvofiq, biznes loyihalari yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari turmush darajasini oshirishga qaratilgan. Ekspert kengashiga 40 dan ortiq innovatsion loyiha va ishlanmalar taqdim etildi.
 
Toshkent axborot texnologiyalari universitetining uchinchi bosqich talabalari S.Komilov, N.Shoymardonov va to‘rtinchi bosqich talabasi S.Boboqulov g‘olib, deb topildi.
 
– Universitetimizda bilim olish, tadqiqot va ilm-fan bilan shug‘ullanish uchun barcha sharoitlar yaratilgan, – deydi S.Komilov. – Darsdan bo‘sh vaqtimni laboratoriyada o‘tkazaman. Bu yerda yangi loyihalarni muhokama qilamiz va ishlab chiqamiz. Kichik biznesni rivojlantirish imkonini beradigan korxonalar daromadini taqsimlashning avtomatlashtirilgan tizimini yaratish bo‘yicha men ishlab chiqqan g‘oya tanlovda g‘olib deb topilganidan xursandman. Ushbu g‘oya yaqin vaqtlar ichida ishlab chiqarish jarayoniga tatbiq etiladi. 
 
O‘zA
 
 
 

1 3328
Манба api.uz