Qonunlarni ijrochilar va aholiga yetkazish bo‘yicha xalqaro tajriba amaliy jihatlar va huquqiy tartibga solish

Toshkentda "Qonunlarni ijrochilar va aholiga yetkazish bo‘yicha xalqaro tajriba: amaliy jihatlar va huquqiy tartibga solish" mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. 
 
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi, qator vazirlik va idoralar, BMT Taraqqiyot dasturi va YeXHT loyihalari muvofiqlashtiruvchisining O‘zbekistondagi vakolatxonalari bilan hamkorlikda tashkil etildi. 
 
Davra suhbati mamlakatimiz parlamenti a’zolari, huquqni muhofaza qilish organlari mas’ul xodimlari, huquqshunoslar, fuqarolik jamiyati vakillari, xalqaro ekspertlar, ommaviy axborot vositalari xodimlarining fikr almashishi uchun o‘ziga xos platforma bo‘ldi. Unda AQSh, Janubiy Koreya, Xitoy, Ozarbayjon, Ispaniya, Latviya, Polsha, Serbiya kabi mamlakatlarning bu boradagi tajribasi muhokama etildi. 
 
Tadbir ishtirokchilari aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, mamlakatimizda izchillik bilan amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy asoslari xususida keng jamoatchilikni xabardor qilish dolzarb ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Fuqarolarda qonunlarni hurmat qilishni shakllantirish ushbu hujjatlarning so‘zsiz bajarilishi va amalda qo‘llanilishining muhim omili ekani alohida qayd etildi. 
 
Milliy ekspertlar O‘zbekiston Respublikasining Asosiy qonunida Konstitutsiya va qonunlar ustuvorligi prinsipi mustahkamlanganini ta’kidladi. Konstitutsiyamizga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslari fuqarolarga ularning huquq va manfaatlariga daxldor bo‘lgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini yaratib berishi, ularni qo‘llash uchun normativ-huquqiy hujjatlarni matbuotda e’lon qilishi shart. 
 
Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ilgari surilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi aholini huquqiy axborot bilan ta’minlashda yangi bosqichni boshlab berdi. Konsepsiyaga muvofiq qabul qilingan qator me’yoriy-huquqiy hujjatlar hukumatimiz va ijro tuzilmalarining qonunlar ijrosi hamda ustuvorligini ta’minlashdagi mas’uliyatini yanada oshirdi. 
 
Xalqaro davra suhbati ishtirokchilari axborot sohasini yanada isloh etish, so‘z va axborot erkinligini ta’minlash doirasida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining "Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida"gi qonuniga alohida e’tibor qaratdi. Ushbu qonunda jismoniy va yuridik shaxslarning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati to‘g‘risidagi axborotdan foydalanishini ta’minlash masalasi hal etilgan, ular faoliyati haqidagi axborotni tarqatishning yangi tartibi belgilangan. 
 
"Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ishlab chiqilgach, ushbu hujjatni aprobatsiya qilish bo‘yicha Buxoro va Samarqand viloyatlarida huquqiy tajriba o‘tkazildi. Qonun norma va talablarining keng muhokama etilishi hamda bu borada jamoatchilik va mutaxassislar fikrini o‘rganish natijasida qonun loyihasini takomillashtirishga doir taklif va tavsiyalar tayyorlandi. 
 
– Aholining yangi qonun yoki hujjatlar haqida xabardorligini oshirish Yevropa Ittifoqi davlatlari uchun ham dolzarb masala hisoblanadi, – dedi Granada universitetining ma’muriy huquq professori Alonso Xuan Xose Gutiyerez (Ispaniya). – Yangi qonun hujjatlarini ishlab chiqish jarayonida Yevropa Ittifoqi aholisiga turli ommaviy axborot vositalari orqali oldindan axborot taqdim etiladi. Bundan ko‘zlangan maqsad aholi turli qatlamlarini ushbu loyihalar bilan tanishtirish va ularning fikr-mulohazalarini o‘rganishdir. Bugungi davra suhbatida O‘zbekistonda ushbu amaliyot muvaffaqiyatli qo‘llanilayotganidan xabardor bo‘ldik. Menimcha, bu aholining davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda faol ishtirok etayotganidan dalolatdir. 
 
Shuningdek, tadbirda huquqni qo‘llash amaliyotida yagona davlat siyosatini yuritish vazirlik va idoralarning asosiy vazifasi ekani haqida fikr almashildi. Bu jarayonda prokuratura organlari muhim o‘rin tutadi. 
 
O‘zbekistonda yangi qonun va me’yoriy-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati, amalga oshirilayotgan islohotlar haqidagi axborot keng jamoatchilikka turli yo‘l hamda vositalar orqali yetkazib berilmoqda. Jumladan, buning uchun yig‘ilish, uchrashuv, matbuot anjumani, brifing, seminar va davra suhbatlari tashkil etilmoqda, zarur axborot va qonun loyihalari vazirlik va idoralar veb-saytlarida joylashtirilmoqda. 
 
Shu bilan birga, tadbir qatnashchilari qonunlar ijrosini ta’minlash aholi bilan o‘zaro hamkorlikning interfaol uslublaridan keng foydalanishni talab qilishini qayd etdi. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining bu boradagi ishlari e’tiborga sazovordir. Jismoniy va yuridik shaxslar portal orqali davlat organlariga murojaat qilish imkoniga ega bo‘layotir. Shu yilning 1-yanvaridan boshlab tadbirkorlik faoliyatiga oid yangi me’yoriy-huquqiy hujjatlarning loyihalari ushbu portalda keng muhokama uchun joylashtirilmoqda. 
 
Ta’kidlash joizki, tayyorlanayotgan qonun loyihalarining hammasi jamoatchilik tomonidan keng muhokama etilishi uchun vazirlik va idoralar veb-saytlarida e’lon qilinishi shart. Bu talab O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining shu yil 11-maydagi "2015-yil uchun qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish dasturi to‘g‘risida"gi qarorida mustahkamlangan. 
 
Koreya Respublikasi Milliy assambleyasi tadqiqot xizmatining eksperti Yong Chan Kimning fikricha, bunday chora-tadbirlar me’yoriy-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish samaradorligini ta’minlaydi. "Janubiy Koreyada qonun hujjatini qabul qilishdan avval u keng muhokamadan o‘tkaziladi. Bu esa barcha qonunlar aholi manfaatlariga, davlat va jamiyatni barqaror rivojlantirishga xizmat qilishiga erishishga yordam beradi. O‘zbekistonning ushbu yo‘nalishdagi tajribasi e’tiborga loyiqdir", dedi xorijlik mutaxassis.
 
Tadbirda O‘zbekistonda yangi qonunlar, qonun to‘plamlarini chop etadigan rasmiy manbalar faoliyat ko‘rsatayotgani ta’kidlandi. Bu borada Adliya vazirligi tomonidan yaratilgan Lex.uz milliy qonunchilik bazasi, «Norma» va «Yurida» axborot-huquqiy tizimlaridan unumli foydalanilmoqda, "O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami", huquqiy adabiyotlar chop etilmoqda. 
 
– Ommaviy axborot vositalari aholiga qonunlar mazmun-mohiyatini yetkazishda alohida o‘rin tutadi, – dedi «Boston Herald» gazetasi siyosiy sharhlovchisi Rashel Koen (AQSh). – Ular orqali yangi qonunlar, amaldagi hujjatlarga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar haqida aholini xabardor qilish juda qulay va samaralidir. 
 
Tadbirda qonunlarning amalga oshirilishi alohida bir tashkilotning vazifasi emas, balki barchaning umumiy ishiga aylanishi lozimligi haqida fikr bildirildi. Ushbu yo‘nalishdagi faoliyatni yanada takomillashtirishga doir aniq takliflar ishlab chiqildi. Ishtirokchilar «Adolat» nashriyotining kitob yarmarkasi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi kitob fondidagi huquqiy adabiyotlar, shuningdek, mamlakatimizdagi mavjud axborot-huquqiy tizimlar bilan tanishtirildi.
 
O‘zA
 


Яқин хабарлар