Asosiy menu

“Pravda Vostoka” o‘zbek tilida

Gazetxonlar bilan uchrashuvlarlarda xalqimiz vakillari gazetamizda rang-barang mavzularda qiziqarli materiallar muntazam chop etilayotganini alohida ta’kidlagani holda, «Pravda Vostoka»ning o‘zbek tilidagi varianti yo‘qligidan katta taassuf bildirar edilar. 


Jamoatchilikning bu boradagi haqli talablarini e’tiborga olib, 21 oktyabr - «O‘zbekiston Respublikasining davlat tili haqida»gi qonun qabul qilingan sananing 28 yilligi keng nishonlanayotgan shu kunlarda gazetamiz tahririyati jamoasi xayrli ishga qo‘l urdi: «Pravda Vostoka»ning materiallarini o‘zbek tilida o‘qish imkoniyati yaratildi. Bugundan «Pravda Vostoka Online» veb-nashri ona tilimizda yuz ochdi. 

Bu o‘tgan bahorda 101 yoshga qadam qo‘ygan gazetamiz hayotidagi unutilmas kun – ulkan tarixiy voqeadir. Bir asr mobaynida nashrimiz O‘zbekiston tarixining solnomachisi bo‘lib keldi. Lekin u hech qachon o‘zbekning, O‘zbekistonning manfaatlarini bugungidek ulkan mehr, yuksak qat’iyat va sobitqadamlik bilan himoya qilmagan. Uning ona tilimizda chop etila boshlaganining zamirida ham aslida ana shu mehr va sadoqat mujassam. Bu, avvalo, Vatanimiz istiqlolining sharofati, mamlakatimizda erk va ozodlik, demokratiya tamoyillari tobora mustahkam qaror topayotganining, davlatimiz rahbari tomonidan ommaviy axborot vositalarini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tiborning samarasidir. 

Gazetamiz jamoasi mamlakatimizdagi yetakchi matbuot nashrlari orasida birinchilardan bo‘lib, ta’bir joiz bo‘lsa, yangi asr sari qadam qo‘ydi – «Pravda Vostoka Online» veb-nashri faoliyatini amalda tatbiq etishga kirishdi. Dunyoning yirik nashrlari sinovidan o‘tgan va ilk bor O‘zbekistonda amalda tatbiq etilayotgan bu tajriba «PV» muxbirlari faoliyati doirasini yanada kengaytirish va jadallashtirish imkonini beradi.

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan mustaqil ommaviy axborot vositasi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan va o‘zbek hamda rus tillarida nashr etilayotgan «PV Online» gazetxonlarni mamlakatimizda va jahonda yuz berayotgan eng so‘nggi yangiliklar, dolzarb mavzulardagi maqolalar, suhbatlar va rang-barang suratlar bilan ta’minlashni rejalashtirgan. 

Marhamat, www.pv.uz manzilidan joy olgan «Pravda Vostoka Online» xabarlaridan o‘zbek tilida ham bahramand bo‘ling. 

«Pravda Vostoka» tahririyati.