Asosiy menu

O`zbekistonda ilk bor Abdulla Qodiriyning “To`la asarlar” to`plami chop etildi

«Biz jasorat so`rar edik. Lekin, berish qaerda qolg`an-qutqanini ham olmoq muddaosida edilar. Biz so`z erkinligi so`rar edik. Lekin, tilimizni tek-tugidan kesmoqchi edilar. Jasorat bitkan edi, til kesilgan edi».

Bu achchiq haqiqatlarni Abdulla Qodiriy 1921 yilda yozgan edi. Qodiriyni adiblarimiz eng baxtiqaro yozuvchi deyishadi. Chunki uni mustamlaka hukumat tahqirladi, qamadi va otib o`ldirdi. Yana uni eng baxtli yozuvchi deb ham atashadi. Chunki, Qodiriy qancha tahqirlanmasin yillar osha uning asarlari kitobxonlar uyiga, qalbiga kirib boraverdi. U Markaziy Osiyo millatlarining sevimli yozuvchisiga aylanib boraverdi.

Bugun 7 iyun kuni Alisher Navoiy nomidagi O`zbek tili va adabiyoti universitetida Abdulla Qodiriyning besh jildlik «To`la asarlar» taqdimoti o`tkazildi. Unda taniqli adabiyotshunoslardan Ibrohim G`ofurov, Saydi Umirov, Bahodir Husanov, Bahodir Karim, Usmon Azim, Shukur Qurbon, Sirojiddin Ahmedov va adibning avlodlari, nevaralaridan Xondamir, Irfon, Sherkon Qodiriylar ishtirok etdi.

Adibning besh jildlik to`la asarlar to`plami yangi va zamonaviy ko`rinishda nashr etildi. To`plamni chop etishga mas`ul bo`lgan Xondamir Qodiriyning aytishicha, ushbu to`plamni tayyorlashda boshqa nashrlarda kuzatilgan adabiyotshunos olimlar tanqid ostiga olgan xato va kamchiliklar bartaraf etilgan. To`plamni adibning eng sevimli asarlaridan biri «O`tkan kunlar» ochib beradi. «Mehrobdan chayon» keyingi jildda berilgan. «Diyori bakr» va «Obid ketmon» asarlari ham har biri alohida kitob sifatida jamlangan. Yakunlovchi jild «Adibni xotirlab» deb nomlanib, u memuar singari adibning zamondoshlari, izdoshlari, farzandlari va nabiralari tomonidan u haqda bildirilgan fikrlar, arxiv materiallari va xotiralar asosidagi voqea va faktlarni jamlagan.

Shu davrgacha Abdulla Qodiriyning asarlari bunday shaklda to`liq chop etilmagan edi. Yangi besh jildlikda kitobxon avval o`qimagan ma`lumotlarni ham topishi mumkin. Adibning o`sha vaqtdagi yozgan maqola va feletonlarida ko`tarilgan muammolar bugungi kunimizda ham dolzarbligicha qolmoqda. Asarlarning haqiqiy bahosini vaqt belgilaydi. Tariximizning eng murakkab, qiyin davrlarida ham «O`tkan kunlar», «Mehrobdan chayon» yashirincha mutolaa qilingan, odamlar pana-pastqamlarga, erto`lalarga berkitib bo`lsada bu asarlarni saqlaganlar. Bugungi kunda ham Qodiriyni o`qimagan insonni adabiyotga dahldor deyish qiyin. Kitobxon borki, uning eng sevimli asari shubhasiz «O`tkan kunlar»ni o`qigan. «To`la asarlar to`plami» taqdimotida professor Ibrohim G`afurov so`zga chiqib shunday dedi: «Qodiriy haqida ko`p yozilgan, gapirilgan va o`rganilgan. Bugun yoshlarimizdan faqat Qodiriyni o`qib, anglab uni o`zlari uchun kashf etishlarini so`rab qolaman».

Professor G`afurovning gaplarida jon bor. Qodiriy asarlari shunchaki kitobjomdan joy olib turadigan kitoblardan emas. O`zini vatanparvar deb bilgan kishi Qodiriyni o`qib, anglab Vatanga nisbatan yana bir qat mehri oshmasa, adibning kuyib yozganlarini anglamagan bo`ladi. «Haqiqat bu ochiq so`zlamoqdir», degan edi Abdulla Qodiriy. Besh jildlik «To`la asarlar to`plami»da Qodiriyning avval bizga etib kelmagan barcha ochiq so`zlarini topishingiz shubhasiz.