Asosiy menu

Kitobxonlik uchun bahona izlamang yoshlar!

Kitob bayrami munosabati bilan bir yosh ijodkorga krill alifbosida bosmadan chiqqan O‘ktam Usmonning «Girdob» romanini sovg‘a qildim. U «rahmat»ini quyidagicha aytdi: 

– Men ruscha kitoblarni o‘qimayman, ayrim harflarga tushinmay, mutolaaga qiynalaman. 

– Yo‘q, bu ruscha emas, o‘zbekcha, krill yozuvida, – dedim unga. 

U «Baribir emasmi, muhimi lotincha emas-da», dedi. Uning bu javobi meni o‘yga toldirdi...

1o8K0L14640113206083_b.jpg 

Shunisi achinarli-da! Ayrim yoshlarimizdan oxirgi o‘qigan badiiy asari haqida so‘rasangiz, biror bir qoniqarli javob ololmaysiz. Bahona ham tayyor: «Biz maktabda lotin alifbosini o‘rganganmiz, kitob sotib olmoqchi bo‘lsak, ularning aksariyati krill alifbosida chop etilgan. O‘zimiz xohlagan lotin alifbosidagi kitoblarni topa olmayapmiz», deyishadi. 

Yoshlarning bu kabi e’tirozlariga aslo o‘rin yo‘q. Chunki haqiqiy kitobxon uchun nashr etilayotgan kitoblarning lotin yoki krill alifbosida ekani hech qanday ahamiyatga ega emas. 
xamsa-web-3d-250x375.jpg
Bugun yoshlarimiz hatto ingliz, rus, nemis tilidagi asarlarni bemalol o‘qib, yuzlab o‘zbek va jahon adabiyoti durdonalarini mutolaa qilishmoqda. Qolaversa, mamlakatimizda kitobxonlik davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Shunday sharoitda yuqoridagiga o‘xshash bahonalar o‘rinsiz va kulguli. 

Chunki bugun kitob rastalarida qadimgi «Avesto» kitobi deysizmi, Zahiriddin Muhammad Boburning «Boburnoma»simi, Mahmud Qoshg‘ariy, Ahmad Yugnakiy, Yusuf Hos Xojib va Alisher Navoiy asarlaridan tortib, bugungi kun ijodkorlarining badiiy ijod namunalarigacha lotin yozuvidagilari ham bor. Hazrat Navoiyning «Xamsa», Abdulla Qodiriyning «O‘tkan kunlar», Erkin Vohidovning «Zamin sayyorasi» va jahon adabiyotining sara asarlaridan bo‘lmish Ernest Xemingueyning «Chol va dengiz», Jyul Vernning «O‘n besh yoshli kapitan», Hans Kristian Andersenning «Qor odam» va shu kabi ko‘plab salmoqli asarlarni ham bugun lotin alifbosida chop etilgan. 

Inson xulqini tuzatadigan omillar ichida eng kuchlisi, shubhasiz, kitobxonlik ekanini unutmaylik. Shu bois, nodir asarlardan saboq olishda davom etib, faqat ziyo tomon intilaylik. Zero, kitob o‘qishda davom etayotgan inson hech qachon fikrlashdan, tasavvur etish va ma’naviy rivojlanishdan to‘xtamaydi! 

Dilobar ASLIDDIN qizi