Asosiy menu

Bugun Aleksandr Sergeyevich Pushkin tavallud topgan kun

Rus she’riyatining quyoshi deya e’tirof etiladigan Aleksandr Sergeyevich Pushkin 1799-yilning 6-iyunida tavallud topgan edi.

Rus badiiy tafakkurining buyuk namoyondasi V.G.Belenskiy Pushkinni «Rus she’riyatining quyoshi» deya uning ijodiga munosib baho bergandi.

Olim tobora yuksalib borayotgan milliy adabiyotining ulg‘ayish pillapoyalarini nazarda tutib, yangicha ruh bilan boyiyotgan va yuksalayotgan rus she’riyatida Pushkin chindan ham quyosh singari porlab, nur taratayotganini asoslab bergan. Hozirgacha nazm muhlislarini hayratga solib kelayotgan Pushkin ijodida nafosat va tafakkur, ehtiros va aql shunchalik omuxta bo‘lib ketganki, go‘yo manfiy va musbat qutblar tutashganda uchqun chiqqanidek, uning she’rlarini o‘qigan kitobxonning ham aqli, ham tuyg‘ulari yorishib ketadi.

Pushkin she’riyatining sehri va jozibasi hamon adabiyot ixlosmandlarini maftun etib kelmoqda. Qolaversa, bu dargohga qadam qo‘ygan har bir iste’dod uchun mahorat maktabi vazifasini o‘tamoqda. Ta’bir joiz bo‘lsa, o‘zini adabiyotga daxldor deb bilgan har bir shoir Pushkin she’rlarini ona tiliga tarjima qilgan, bundan she’riyat sirlarini o‘rganish bilan birga zavq va ilhom olgan. Mazkur holatni milliy adabiyotimiz tajribasida ham kuzatish mumkin. Quyida Pushkin she’rlarining o‘zbekcha tarjimalaridan bahramand bo‘lasiz.

* * * 

24979885.jpgTikilaman ko‘rganda, darhol 
Idrokimni yo‘qotib va lol: 
Yagona ko‘z mening boshimda, 
Oy yuzingiz yonar qoshimda, 
Agar taqdir ko‘rmasa malol, 
Ega bo‘lsa edim yuz ko‘zga, 
Bari bilan qarardim sizga. 

* * * 

Sizni sevgan edim: qalbdagi olov 
So‘nib bitmagandi hali, ehtimol: 
Ranjitmasin lekin sizni ushbu hol, 
Koyitmasin aslo va bo‘lmayman yov. 

Sizni sevgan edim: sokin, benavo 
Jasoratsiz edim, g‘ashda bedavo: 
Sizni sevgan edim sodiq, vafodor, 
Endi haq aylasin boshqaga dildor. 

Hamid Olimjon tarjimalari

56d4a78f69588.jpgMEN SIZGA ACHINMAYMAN 

Men sizga achinmayman, vafosiz sevgilarda 
Behuda oqib o‘tgan bahorimning yillari! 
Men sizga achinmayman u otashin naylarda 
Ehtiros-la kuylangan, ey tunlarning sirlari. 

Men sizga achinmayman, bevafo do‘st, jo‘ralar, 
Bazmlarning tojlari, davrada aylangan jom. 
Men sizga achinmayman, xiyonotkor go‘zallar, 
Meni xayol band etgan, xursandchilik qilmas rom. 

Qayda, qayda qoldingiz, yoshlikdagi orzular, 
Va qalbning sokinligi erkalatgan kezlari1! 
Qani avvalgi otash, ilhom baxsh etgan zavqlar, 
Keling, keling, mushtoqman, bahorimning yillari. 

O‘YLADIMKI 

O‘yladimki, yurak unutdi 
Muhabbatning ezgu azobin, 
Dedim o‘tgan barisi o‘tdi, 
O‘tdi. Qaytib kelmaydi tag‘in. 

O‘tib ketdi zavqda, qayg‘uda 
Va havoyi yengil umidlar… 
Ammo o‘tkir husn oldida 
Tushdi yana larzaga ular. 

Zulfiya tarjimalari

4060255.jpgHAMMASI TUGADI 

Hammasi tugadi, oramiz ochiq… 
So‘ng bor qo‘llaringni o‘parkan, pari, 
Sha’ningga to‘qiyman mungli bir qo‘shiq, 
Tinglayman javobing: Tugadi bari… 
Endi aldovlarni qilmasman rasm 
Va seni alam-la axtarmoq nechun?! 
O‘tdi… o‘tganlarning unut hammasin, 
Sevgi yaralmagan faqat men uchun. 
Sen yoshsan, qalbingning go‘zal mahali, 
Sevimli bo‘larsan ko‘plarga hali… 

HIKMAT 

Kulbada bittagina sham yonib turar edi. 
Ravshan bo‘ldi yoqishgach yana bitta shamchiroq. 
Bejiz emas, qadimgi donolar deyar edi: 
To‘y yaxshiyu va lekin kengashli to‘y yaxshiroq. 

YANGILIK 

Xo‘sh, dunyoda nima gap, qanaqa yangilik bor?.. 
U esa tura berdi bejavob, yutib nafas. 
Oxir dedi: O, do‘stim, ezmalik kimga darkor, 
Sen ahmoqsan, bu esa aslo yangilik emas... 

TO‘G‘RI BASHORAT 

Kasalim tuzalarmi?.. Sher eshakdan so‘radi. 
Eshak esa o‘ylamay dedi: Ayo shoh jahon, 
O‘lmasangiz, yashaysiz, o‘lmaganlar turadi.. 
Ikki karra ikki to‘rt, bu eshakka ham ayon. 

DUNYO 

Shundoq edi bu dunyo, shundoq bo‘lur hamisha, 
Ko‘hna bir haqiqatning do‘koni yopilmaydi: 
Dono odam juda kam, garchi ko‘p ilm pesha, 
Bisyordir tanish-bilish, lekin do‘st topilmaydi. 

Abdulla Oripov tarjimalari


58087585094b1.jpgDЕNGIZGA 

Alvido, zo‘r qudrat – asov g‘alayon! 
Yashil to‘lqinlarning so‘ng daf’a surib – 
Ko‘zlarim oldida qaynaysan chunon, 
Mag‘rur go‘zalliging bilan barq urib. 

Undoving g‘avg‘oli, shovqining g‘amli, 
Qulog‘im solaman so‘ng qatla men ham, 
Go‘yoki pichirlar, chorlar alamli, 
Xayrlashuv payti yaqin do‘st, hamdam. 

Orzuli bu ko‘nglim istagan qirg‘oq, 
Sening sohilingda kezardim sarson, 
Kezar edim sokin, tumanli, charchoq, 
Ezgu niyatlarim qiynar edi jon! 

Naqadar yoqardi: bo‘g‘iq ovozing 
Va teran sadoli chaqiriqlaring, 
Kechqurungi sukut va o‘jar nozing, 
Hayajon g‘azabing – baqiriqlaring! 

Baliqchining yengil yelkan kemasi – 
Istasang ko‘ksingda saqlanar omon, 
Yuzar to‘lqinlarda, yo‘qdek vahmasi, 
Lekin sen boshlasang ulkan g‘alayon – 
G‘arq bo‘lar kemaning gala-galasi. 

Mangu ketay devdim, bo‘lmadi imkon; 
G‘amgin, harakatsiz, ko‘ngilsiz qirg‘oq, 
Seni shodiyona qutlay olmadim, 
Tizma tog‘laringdan hatlay olmadim, 
Shoirona qochmoq bo‘lgandim yiroq! 

Sen kutding, chorlading… men kishandaydim, 
Ruhim qanotlandi behuda, bekor. 
Qudratli orzuga maftun bandaydim, 
Shu sabab men qoldim qirg‘oqlarda zor. 

Nimani ayayman! Qayga bu zamon – 
Men yo‘l solar edim beparvo, beg‘am? 
Bitta ilinj sening go‘shangda hamon 
Ko‘nglimga hayratlar solar dam-badam… 

U bitta qoyadir, shon sag‘anasi… 
U yerda uxlaydi sovuq uyquda – 
Ulkan xotiralar hammasi. 
Napoleon hayoti so‘ngan yer shu-da! 

U yerda azobda bo‘ldi u halok, 
Uning orqasida dovul singari – 
O‘zga daho uchdi, dilni aylab chok, 
Aqlimizning o‘zga bir hukmdori. 

Ketdi, erkinlik-chi, yig‘ladi yo‘qlab, 
Qoldirdi tojini jahonga, esiz! – 
Shovqin sol, po‘rtana, uni ulug‘lab, 
U sening qo‘shiqching edi-ku, dengiz! 
Unda barq urardi timsoling ayon, 
Ruhan xuddi senday yaralgan edi. 
Senday teran, g‘amgin, senday pahlavon, 
Senday bo‘ysunmas, zo‘r inson edi. 

Dunyo bo‘shab qoldi… endi sen meni 
Qayon olib chiqar eding, okean? 
Insonlar taqdiri har yerda birdir, 
Qayda farog‘at bor bo‘lsa, posbon – 
Ma’rifat yo zolim u yerda, ayon… 

Yaxshi qolgil, dengiz! Unutmayman hech, 
Sening tantanali bu jamolingni, 
Qulog‘imda turar, jaranglar har kech, 
Hamisha tinglayman g‘alayoningni. 

O‘rmonlar va jimjit sahrolar tomon – 
Yorqin xotiralar ola ketaman. 
Qoyalar, ko‘rfazlar, to‘lqin va suron, 
Soya, jilolaring esda tutaman. 

* * * 

G‘ussali tun pardasin osmish 
Mudroq osmon ravoqlarida. 
Vodiylarni sukunat bag‘riga bosmish, 
O‘rmon oppoq tuman quchoqlarida. 
Sal shildirar emanzor soyasida shoshgan soy, 
Sal pichirlar uyquchan shabboda barg-o‘tlarda. 
Suzib yurar kattakon oqqush yanglig‘ to‘lin Oy — 
Kumushrang bulutlarda. 

…Bunda ko‘rdim: sarviga chirmashibdir majnuntol, 
Soyalari jimirlar suvning billur mavjida. 
Dalalar malikasi nilufar mag‘rur, xushhol, 
Dabdabasi, ziynati, go‘zalligi avjida. 

G‘adir-budur tog‘lardan tushar bebosh sharshara, 
Marvarid daryo bo‘lib oqar, qaynashar, 
U yonda, sokit ko‘lda pari qizlar sho‘x, sara, 
Erinchoq to‘lqinlarni sachratishar, o‘ynashar. 

* * * 

Bo‘ron, zulmat osmonni tutar, 
Qor quyuni qiladi o‘yin. 
Dam hayvondek bo‘kirib o‘tar, 
Dam go‘dakday yig‘loqi bir un. 

Eski tomdan poxol tortadi, 
Guvlab, birdan soladi shovqin, 
Darchamizni kelib qoqadi — 
Dam kech qolgan yo‘lchiday yupun. 

Ko‘hna kulbam, kichkina uyim 
Ham g‘amgin, ham zulmat qo‘ynida. 
Sen nimaga, bechora buvim, 
Jimjit qolding oynak tagida? 

Charchatdimi bo‘ron uvlashi, 
Zerikdingmi, buvim yo esa? 
Yo mudratgan duging tovshimi, 
Horidingmi yoki bo‘lmasa? 

Kel, ichaylik, mehribonginam, 
Sho‘rlik yoshligimning hamrohi… 

Mirtemir tarjimalari


knne8qV-QKrL2gXZOAj1KFrDEnp5wEGk.jpgHAYKAL 

Haykal qo‘ydim o‘zimga muhtasham va ulug‘vor, 
Xalq qadami uzilmas zamonlar o‘tur garchand. 
U mag‘rur qad ko‘tardi tavoze bilmay zinhor, 
Aleksandr qubbasidan ham baland. 

Yo‘q, batamom o‘lmasman — qo‘shiqqa ko‘chgan qalbim 
Jismim birla tuproqda chirib ketmas hech qachon. 
Olamda shoir zoti qolarkan, so‘nmas qadrim — 
Aslo meni tark etmagay shuhrat-shon. 

Dovrug‘im-la chulg‘anur poyoni yo‘q ulug‘ Rus, 
Undagi barcha elga bo‘lgum suyuk, mukarram — 
Meni yodlar hur naslim hamda sahroyi tungus, 
Fin xalqiyu dashtlar do‘sti qalmoq ham. 

Xalqning mehru e’zozin toabad qozonganman — 
Sozim-la yuraklarda ezgu hislar qo‘zg‘atdim. 
Men Erkni ulug‘ladim shu qabih zamonamda, 
Mazlumlarga shafqat hissin uyg‘otdim. 

Ey, ilhomim parisi, tangri hukmin et ado, 
Malomatdan cho‘chima, gulchambar deb chekma g‘am. 
X.amdu sano, tuhmatga hargiz bo‘lgin beparvo, 
O‘chakishma nodon bilan sira ham. 

TIKLANISH 

Bir musavvir beburd qalb bilan 
Bo‘yab tashlab daho asarni, 
Tahqirlangan surat ustidan 
Berar o‘zi bilgan ranglarni. 

Ammoki bu soxta bo‘yoqlar 
Ko‘chib tushar vaqt o‘tgan sayin; 
Asar tag‘in namoyon bo‘lar 
Hech bir zaxa ko‘rmagandayin. 

Xuddi shundoq — gumrohlik, xato 
Yuragimdan chekinar, ayon. 
Va unda ilk — dilbar, musaffo 
Kunlar tag‘in bo‘lar namoyon. 

Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari


erkin-samandar.jpgHAYKAL 

Ko‘z ko‘rmagan haykal bunyod ayladim men o‘zimga, 
Poyidagi oyoq yo‘lni bosolmagay o‘t-o‘lan. 
G‘urur ila yuksaldi u bosh egmayin ta’zimga, 
Aleksandr arkonidan ham baland. 

Yo‘q, men o‘lib ketmagayman – qalbim she’rimda yashar, 
Xoki tanim barbod o‘lmas, foniy umr menga yot. 
Menga sharaf yor bo‘lajak, yashar ekan to bashar, 
To olamda shoir zoti barhayot. 

Butun ulug‘ Rusni chulg‘ab olur mening ovozim, 
Va nomimni yodlayajak unda ellar muhaqqah. 
Mag‘rur slavyan nasli-yu, finnu bugungi avom 
Tungus hamda sahro o‘g‘loni qalmoq. 

Ko‘p sazovor bo‘lajakman men hali xalq mehriga, 
Shu vajdankim, sozim ila nekbin dardlar uyg‘otdim. 
Qabih asrimda men o‘qib Hurriyatga madhiya, 
Qurbonlarga muruvvatlar uyg‘otdim. 

O, sen ilhom parisi, bosh eggil tangri hukmiga, 
O‘kinchlardan tap tortmagil, gultoj ta’ma aylama. 
Loqayd bo‘lgil hamdu sano ham malomat-makriga, 
Va ahmoqqa ahmoqsan dema. 

Erkin Samandar tarjimasi


ramz_bobojon.jpgHAYOT ARAVASI 

Ba’zida yuk og‘ir bo‘lsa ham, 
Uchib ketar arava qushday. 
Epchil yamshik qish fasli shahdam 
Haydab borar ustidan tushmay. 

Ertalabdan aravada biz, 
Erinchaklik, rohatdan bezib, 
Bosh yorguday yeldiramiz tez, 
Qichqiramiz: chu! 

Kun yarmida qolmas bu shiddat; 
Toliqamiz, qo‘rqinch ko‘rinar – 
Qiya tog‘lar, jarliklar g‘oyat, 
Qichqiramiz: sekinroq, xumpar! 

Avvalgicha olib borar u, 
Ko‘nikamiz oqshomga yaqin. 
Yotoqqacha bosadi uyqu, 
Otlarni vaqt quvlaydi lokin. 

YOLVORISH
 

O, agar bu rost bo‘lsa, tunda – 
Bitganida odamning umri, 
Qabrlarning toshiga shunda 
Yalt-yalt tushsa ko‘kdan oy nuri, 
O, agar bu rost bo‘lsa, shundoq 
Bo‘sh qolsa tinch mozorning bari – 
Men Layliga bo‘lib ko‘p mushtoq: 
Chorlayman: kel, do‘stim, men sari! 

Avvallari ko‘ringaningday 
Mahbub ruhi, bo‘lgil namoyon, 
So‘nggi g‘amdan o‘zgarib chiroy, 
Rangsiz, holsiz, qish kunisimon. 
Kel, yengil kuy yoki shamol, yo – 
Olisdagi yulduz singari, 
Kel, misoli dahshatli siymo, 
Menga farqsiz: kelgil men sari! 

O, seni men chaqirishim bu, 
Sevgilimni kek bilan xazon – 
Etganlarga ta’na emas-ku, 
Yoki meni ahyon va ahyon – 
Qiynagandan shubhalar qahri, 
Tobut sirin fosh etish emas… 
G‘amgin deyman: sevaman payvast, 
Senikiman, kelgil men sari! 

Ramz Bobojon tarjimalari


Матназар-Абдулҳаким.jpgMЕN SIZNI SЕVARDIM 

Men Sizni sevardim, sevgim ehtimol 
Dilda butkul so‘nib bitmagan cho‘g‘dir. 
Biroq Siz mehrimni olmangiz malol, 
Sizni zarracha ham ranjitgim yo‘qdir. 

Men Sizni sevardim hayajonda lol 
Goh hayiqib, gohi rashk-la muloyim. 
Samimiy va yonib sevganim misol 
Boshqa ham sevolsin Sizni iloyim. 

Matnazar Abdulhakim tarjimasi

Xumoyun-Akbar-1.jpgAJNABIY QIZGA 

Sen anglamas so‘zlar, ohlarda, 
Bitarkanman vido ash’orim, 
Ammo xushhol ishtibohlarda 
E’tiboring so‘rgum, dildorim: 
Azizam, qalbim hech so‘nmagay, 
Tuyg‘um so‘nmas firoqlarda jim 
Iltijo qilmoqdan tinmagay 
Yolg‘iz senga, senga azizim. 
Boqsang hamki o‘zga har kimga, 
Ishon faqat qalbimga manim, 
Avvalgiday ishonding unga, 
Anglamay ham iztiroblarin. 

* * * 

Hammasi tugadi: oramiz ochiq. 
Poyingga tiz cho‘kib so‘nggi bor, 
Alamli so‘zlarim aytoldim, dildor. 
Tugadi… – eshitdim, javobing achchiq. 
Aldamasman yana o‘zimni minbad, 
Hijronda ortingdan bormam izma-iz. 
Balki unutarman barini, shaksiz – 
Menga yaralmagan ekan muhabbat. 
Sen navnihol go‘zal: sof qalbingda cho‘g‘, 
Hali seni sevar shaydolaring ko‘p. 

* * * 

Qonimda yonadi istak gulxani, 
Sen bois qalbimda g‘ussa va titroq, 
Bo‘sa ol: men uchun bo‘salar ta’mi 
Asal va sharobdan ko‘ra totliroq. 
Men sari boshingni ega qol ma’yus, 
Roziman, o‘lsam ham shu halovatda, 
To so‘nib borarkan quvonchli kunduz, 
Bosib kelar tungi soya, odatda. 

UZUM 

Sira yo‘qdir gullardan arzim, 
Bahor o‘tgach, bo‘lguvchi xazon; 
Lek novdada tovlangan uzum, 
Tog‘ poyida yetilgan jonon. 

Yashil vodiy huri, dilrabo 
Oltin kuzning dilxush bog‘iday; 
Uzun-uzun, nozikdir, go‘yo 
O‘n yetti yosh qiz barmog‘iday. 

* * * 

Ahvol qalay, og‘aynichalish? 
Kofir kabi ranging oqarmish, 
Sochlaring ham turibdi tikka! 
Balki suluv bilan bir chetda 
Tutildingmi, devordan nari, 
Shunda seni o‘g‘ri singari, 
Quvishdimi qorovullari? 
Yo qo‘rqdingmi och arvohlardan, 
Yoki og‘ir, cho‘ng gunohlardan, 
Yonib azob chekarmisan sen, 
Ajib she’rlar bitarmisan sen? 

Humoyun Akbar tarjimalari
 

Dilobar Asliddin qizi