Asosiy menu

“Ravzut-us-safo” – tarixning munavvar ko‘zgusi

Sharq xalqlarini tarixini o‘rganish, tadqiq etishda Tabariy, Narshaxiy, Bayhaqiy, Juvayniy, Sharafiddin Ali Yazdiy, Nizomiddin Shomiy, Ibn Arabshoh, Abdurazzoq Samarqandiy singari olim va mutafakkirlar yaratib qoldirgan durdonalar katta ahamiyat kasb etadi. Ana shunday bebaho tarixiy asarlardan biri «Ravzatus-safo» asaridir. 

Asarning ilk muallifi Mir Muhammad ibn Sayyid Burhoniddin Xovandshoh ibn Kamoluddin Maxmud al-Balxiy — Mirxond (1433-1498) o‘rta asr tarix fanining ko‘zga ko‘ringan namoyandalaridan biridir. Mirxondning otasi Sayyid Burhoniddin Xovandshoh ham zamonasining bilimdon kishilaridan bo‘lib, Temuriylar hukmronligi davrida Buxorodan Balxga kelib qolgan. 

Mirxond 1433 yyli Balxda tug‘ilgan bo‘lsa-da, umrining deyarli kup qismini Hirotda o‘tkazdi. Uning hayoti va ilmiy faoliyati haqida nabirasi Hondamir «Xulosat ul-axbor» kitobida qimmatli ma’lumotlarni yozib qoldirgan. Uning yozishicha, Hazrat Navoiy Mirxondga juda katta moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatgan, o‘zining «Ixlosiya» xonaqosidan bir hujra ajratib bergan va undan bir tarixiy asar yozib berishni iltimos qilgan. Mirxond bu asarni qisqa vaqt ichida yozib tamomlagan. 1497 yilning bahorida og‘ir kasallikka chalinib, 1498 yilda olamdan o‘tgan. Asarni uning nabirasi Xondamir davom ettirgan. 
Bu asarning nomi «Ravzat us-safo fi siyrat ul-anbiyo va-l-muluk va-l-xulafo» («Payg‘ambarlar, podshohlar va xalifalarning tarjimai holi haqida jannat bog‘i») bo‘lib, undan dunyoning yaratilishidan to 1523 yilga qadar Markaziy Osiyo, Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlarida bo‘lib o‘tgan ijtimoiy-siyosiy voqealar keng bayon etilgan. Ravzat us-safo» muqaddima, yettita jild, xotima va jug‘rofiy qo‘shimchadan tashkil topgan. 

Asar rangin va jozibali tilda, sodda va ravon uslubda yozilgan bo‘lib, ilk sahifalardanoq o‘quvchining ehtiborini o‘ziga tortib oladi. U juda ko‘p ibratli, ta’sirli, qiziqarli voqealarni o‘z ichiga oladi. Asar tili va uslubiga ko‘ra, o‘z davrining bebaho adabiy yodgorligi hisoblanadi. 
Mazkur bebaho asarning parchalari fransuz, lotin, shved, nemis va boshqa bir qator tillarga tarjima qilingan. Uzoq vaqt davomida ushbu asar yevropaliklar uchun Sharq tarixini o‘rganishda muhim manba bo‘lib hisoblangan. 

Asarning nodir qo‘lyozmalaridan biri Sankt-peterburgda, D 203 raqami ostida Rossiya Fanlar akademiyasining sharq qo‘lyozmalari institutida saqlanmoqda. 1608 yilda ko‘chirilgan, 233 varaqdan iborat bu qo‘lyozmaning ayrim sahifalariga oltin suvi yugurtirilgan. Mazkur kitobda Tohiriylar davridan to Amir Temurning davlat tepasiga kelishiga qadar bo‘lgan voqealar (820-1370 yy.) bitilgan. 

6-8 iyun kunlari Sankt-Peterburgda o‘tadigan «O‘zbekiston madaniy merosi – xalqlar va mamlakatlar o‘rtasida mulofotga yo‘l» Ikkinchi xalqaro kongressi ishtirokchilari anjuman doirasida ushbu nodir qo‘lyozmani ham o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishlari mumkin.