Asosiy menu

“Zarb”: Zamonaviy qahramon obrazi timsoli

2018 yil 16 may kuni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzoning «Zarb» qissasi ilk taqdimoti va muhokamasi bo‘lib o‘tdi. 

Muhokamada O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi Umarali Normatov, Yozuvchilar uyushmasi raisining Birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo, O‘zbekiston xalq shoiri Anvar Obidjon, Filologiya fanlari doktori Bahodir Karimov, yozuvchi Isajon Sulton, shoir Nodir Jonuzoq va boshqa taniqli yozuvchi va shoirlar, adabiyot ixlosmandlari ishtirok etishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 3 avgust kuni bo‘lib o‘tgan ijodkor ziyolilar bilan uchrashuvida zamonaviy qahramon obrazini yaratish ijod ahli oldidagi eng birlamchi vazifalardan biri ekani ta’kidlangan edi.
O‘tgan vaqt mobaynida bu yo‘nalishda muayyan asarlar yaratildi. 

O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzoning «Zarb» qissasi ana shunday dolzarb mavzuda yaratilgan yangi asarlardan biri, desak adashmaymiz. Ishtirokchilar asarning sodda va ravon tili, hayotiy yumorlarning o‘z o‘rnida mahorat bilan ishlatilgani, ayniqsa bolalar obrazining o‘ziga xos xarakterlarini teran anglab, o‘quvchiga yetkazib berilganini alohida e’tirof etishdi. 

Mazkur asarning yaralishiga turtki bo‘lgan, bugungi zamon fidokori sifatida tanlangan obrazlar aslida Vatanimizni butun dunyoga tanitayotgan Jahon chempionlari ekanligi ta’kidlanib, ular tadbir ishtirokchilariga tanishtirildi.