Asosiy menu

Internet olamiga g‘arq bo‘layotgan yoshlar

Bugungi globallashuv davrida internet jamiyat hayotini tubdan o‘zgartirib yubordi. Internet cheksiz imkoniyatlar, tuganmas axborotlar makoniga aylandi. Bu makondagi ulkan qulayliklar tufayli ko‘plab insonlar kunini internetda boshlab, u bilan yakunlamoqda.

Ammo, bu tarmoq so‘nggi vaqtlarda ayrim odamlarning, ayniqsa, yoshlarning hayotini qaysidir ma’noda izidan chiqarib yuborishga qodir kuchli vositaga ham aylanib ulgurdi.

Buxorolik Shohistaning hayoti barbod bo‘lishiga ham ana shu vosita sababchi bo‘ldi.

U litseyni tamomlab, oliy o‘quv yurtiga hujjatlarini topshirdi. Shifokor bo‘lmoqchi edi. Afsuski, omadi chopmadi.

– O‘shanda tushkunlikka tushib qolganimdan hayotning ham, bilim olishning ham qizig‘i qolmagandek tuyulgandi menga, – deb gap boshladi Shohista. – Ota-onam, akam doim ishda. Oilada yolg‘iz qizman. Ertayu-kech ovunchog‘im telefon bo‘lib qoldi. Avvaliga telefondagi o‘yinlarga, keyinchalik ijtimoiy tarmoqlardagi suhbatlarga berilib vaqt o‘tkazdim. Internetga shu darajada bog‘lanib qolganimdan kun o‘tganini ham sezmay qolardim. Chunki ijtimoiy tarmoqlar orqali yangi dugona topgandim. Mendan biroz yoshi kattaligi uchun unga Zilola opa, deb murojaat qilardim. U bilan shu qadar yaqinlashib ketganimdan bor sirlarimni aytadigan bo‘ldim. U ham menga opalarcha mehribonlik qilar, maslahat berardi. Zilola opa biznes bilan shug‘ullanib, xorij davlatlaridan kiyim-kechak olib kelib sotar ekan. Unga yolg‘izligimni, omadim kelmayotganini aytdim. U esa menga yordam berishni, birga ishlashni taklif qildi. Hamkorlikda ishlasak katta foyda ko‘rishimizga, hayotimiz butunlay o‘zgarib ketishiga meni ishontirdi. Ikkimiz har kuni uzoq suhbatlashib, birgalikda kelajak rejalarini tuzardik. U menga bu gaplarni hech kimga aytma, sen haqingda noto‘g‘ri o‘ylashlari yoki yaqinlaring ruxsat bermasligi mumkin, deb tayinlardi. Ishimiz yurishib ketsa o‘shanda aytib, hammani xursand qilamiz derdi.

Tanishganimizga uch oy bo‘lgach, ish boshlash uchun Zilola opa meni Toshkentga chaqirdi. Qo‘limda pul ham, durustroq kiyimim ham yo‘qligini aytdim. U menga «kelsang bo‘ldi hammasini amallaymiz» deya yana yordam qo‘lini cho‘zdi. Ota-onamdan hujjatlarimni olib, Toshkentga borib kelishga ruxsat oldim. Shu tariqa uydan chiqib ketdim. O‘shanda anglab yetmagan ekanman o‘sha lahzada nafaqat uydan, balki hayotim izidan chiqib ketayotgan ekan.

Toshkentga kelib u bilan uchrashdim. Meni uyiga olib bordi. Qo‘limga bir nechta qimmatbaho kiyimlar va pul tutqazdi. Hammasi tayyorligini va ertagayoq Turkiyaga uchishimizni aytdi. Shu tariqa yaqinlarimga hech so‘z demay O‘zbekistondan chiqib ketdim.

Yetib borishimiz bilan opaning munosabatlari o‘zgardi. Meni bir mehmonxonaga olib borib, pasportimni qo‘limdan olib qo‘ydi. Men uchun qilgan xarajatlarini ishlab to‘lashimni, undan anchagina qarzdor ekanligimni aytdi. U meni ayol kishi uchun eng og‘ir bo‘lgan gunoh ishlarni qilishga majburladi. Nomusim toptaldi. Bir necha bor o‘zimni o‘ldirmoqchi ham bo‘ldim. Chunki bu changaldan chiqib ketishga sira ko‘zim yetmas edi. Keyin bilsam, opa men singari bir nechta qizlarni shu ko‘yga solib hayotini izdan chiqargan ekan. Qo‘limda na hujjat, na pul bor. Kimga murojaat qilishni ham bilmay, ayanchli axvolda yurgan vaqtimda bir insonning ko‘magida yurtmizga qaytdim...

Endigina 19 bahorni qarshilagan Shohistaning hayoti, kelajagi bu darajada barbod bo‘lishiga kim yoki nima sabab bo‘ldi, degan savol tug‘iladi.

So‘nggi vaqtlarda bunga o‘xshash, balki bundan-da ayanchliroq voqealarni televizor, matbuot, ijtimoiy tarmoqlar orqali ko‘p kuzatyapmiz. Ba’zida bu kabi hollarga e’tibor ham bermaydigan bo‘lib qoldik. Aslida, bir insonning taqdiri, hayotining bu qadar parokanda bo‘lishi fojia emasmi? Bunday holat, ayniqsa, yoshlarimiz bilan sodir bo‘layotgani-chi?

Zamon shiddat bilan rivojlanib, insonlarning aql va tafakkuri yuksalib borayotgan bugungi kunda nima uchun ayrim kishilar hamon turli aldovlar qurboniga aylanmoqda.

Psixolog Boboyor To‘rayevning fikrlariga ko‘ra, internet – axborot makoni. U inson fikrini, dunyoqarashini, idrokini o‘zgartirishi mumkin. Axborot olamiga g‘arq bo‘lgan yoshlar 80 foiz vaqtini internetda o‘tkazganligi uchun ham ularda insoniylik, mehr-oqibat tuyg‘ulari, muomala madaniyati kamayib borayotir. Bir-biriga ishonmaslik, shubha bilan qarash, aldash, aldanish ko‘paymoqda. Sababi kishilarda oddiy muloqot qilish ko‘nikmasi kamayib bormoqda. Bu juda katta xavf aslida. Inson ko‘proq jonli muloqot qilishi kerak. Jonli muloqotdagi his-tuyg‘ular, ko‘z qarashlari, tovush va ohang orqali mehr-muhabbat, ishonch tuyg‘ulari odamlardan bir-biriga o‘tadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda kimdir tanish ortiradi, yana kimdir moliyaviy o‘yinlar, reklama, savdo bilan shug‘ullanadi. Kimdir esa yolg‘izligidan internetga bog‘lanib qoladi. Bu kishini ma’naviy jihatdan tubanlikka boshlashi, uni yolg‘izlikka mahkum qilishi mumkin. Internetdan foydalanish me’yorini bilmagan yoki axborotni idrok qilish qoidalariga rioya qilmagan inson hayotida noxush holatlarga duchor bo‘lishi mumkin. Oddiygina ijtimoiy tarmoqlar orqali er-xotinning boshqa bir inson bilan tanishishi, gaplashishi natijasida oilalar barbod bo‘layapti.

Ma’lumotlarga ko‘ra, zamonamiz yoshlarining 80 foizi o‘z qiziqish va sevimli mashg‘ulotlari haqida so‘z yuritganda kompyuter texnologiyalari, internetga bo‘lgan qiziqishini birinchi o‘rinda tilga oladi. Yoshlarning uchdan ikki qismi internetga yangi do‘stlar orttirish va kim bilandir suhbatlashish maqsadida ulanadi, ularning 15 foizi bu munosabatlarni keyinchalik real hayotda davom ettirar ekan.

Kanadada o‘n yetti yoshgacha bo‘lgan 6 ming bola o‘rtasida o‘tkazilgan tadqiqot natijasiga ko‘ra, internetdan faqat axborot olish maqsadida foydalanmas ekan. Kanada yoshlarining yarmidan ko‘pi internet va kompyuter texnologiyalarini ota-onalaridan yaxshiroq bilishini aytgan.

– So‘nggi paytlarda internet orqali tahdid qilish ko‘p kuzatilmoqda, – deydi sotsiologiya fanlari doktori Toshpo‘lat Matibayev. – Bu kabi tarmoq bezoriligining eng birinchi qurbonlari aynan yoshlar qatlami hisoblanadi. Bir qarashda beozor tuyulgan chat xonalar yoki maxsus muloqot dasturlari orqali kechadigan suhbatlar tafakkuri endi shakllanayotgan bolalarni ba’zan jinoyatgacha yetaklab borayotgani hayotiy haqiqat. Virtual olamda kechayotgan zo‘ravonlik, sotqinlik, behayolik, o‘g‘irlik, buzuqlik ertaga real hayotga ko‘chmaydi, deb hech kim kafolat berolmaydi. Hozirda, ayniqsa, internet orqali xotin-qizlar uchun uy xizmatkorligi, oshpazlik, bolalar qarovchiligi, kotibalik, ofitsiantlik, styuardessalik kabi ishlar taklif qilinadi. Yuqori maosh va qulay ish sharoitlari to‘g‘risida yolg‘on ma’lumotlar beriladi. Ushbu takliflarga ko‘ngan xotin-qizlar esa tezlik bilan o‘zlari haqidagi ma’lumotlarni yana internet orqali «ish beruvchilar»ga taqdim etadilar. O‘z navbatida esa «ish beruvchilar» ham ularga viza va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirishda, ba’zan yo‘l chiptalarini olishda ham «beminnat» yordam beradilar. Xorijga aldab olib chiqilgan va fohishalik bilan shug‘ullanuvchilarning 3/4 qismi 30 yoshgacha bo‘lgan ayollardir. So‘nggi yillarda bu «kasb» bilan shug‘ullanuvchilar orasida 13-14 yoshdagi o‘smir qizlar ham uchrayotgani ayanchlidir.

Bugun farzandlarimiz kutubxonani emas balki, internet kafelarni sevimli maskanga aylantirayotgani, o‘smirlar qo‘l telefonlari orqali internetda «kun o‘tkazayotgani» yangilik emas. Jahon axborot maydoni kengayib borayotgan sharoitda yoshlar ongini faqat o‘rab-chirmab, uni o‘qima, buni ko‘rma, deb bir tomonlama tarbiya berib bo‘lmaydi.

Shunday ekan, avvalo, yoshlarda internetdan foydalanish madaniyatini shakllantirish zarur. Milliy qadriyatlarni asragan holda ommaviy madaniyatsizlikka, internet xurujlariga qarshi muntazam kurashni kuchaytirish to‘g‘ri yo‘ldir. Buni, avvalo, oiladan, mahalladan boshlash kerak. Shuningdek, internetdagi elektron kutubxonalar zahirasini milliy adabiyotimiz qatori jahon adabiyoti durdonalari bilan boyitish, internet kengliklarida mentalitetimizga mos farzandlarimizning dunyoqarashi, qiziqishiga monand milliy mahsulotlar, o‘yin va ma’lumotlar yetarlicha bo‘lsa, bolalarimiz har qanday fikrni chalg‘ituvchi saytlarga kirib, turli aldovlar qurboni bo‘lmaydi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA