Asosiy menu

Parijda O‘zbekiston kitoblarining taqdimoti o‘tkazildi

Fransiyaning tillar va sivilizatsiya kutubxonasi Markaziy Osiyo manbalari bo‘limiga ega bo‘lgan mamlakatdagi yagona madaniy muassasa hisoblanadi. Kutubxonada dunyoning 180 ta mamlakatidan keltirilgan 350 tildagi nodir kitoblar, qo‘lyozmalar, ilmiy tadqiqot ishlari saqlanadi.

Dunyodagi istalgan xalqning madaniy saviyasi, kelajak mavqeini o‘lchaydigan muhim mezon bor. Qaysiki millat kitobga, kutubxona ishiga e’tibor qaratsa, uning taraqqiylik darajasi oshib boraveradi. Bu – isbot talab qilmaydigan haqiqat. Davlatimiz Rahbari tomonidan mamlakatimizda kitobxonlikka katta e’tibor berilishining sababi ham ana shunda.

Fransiya madaniy doiralarini O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bilan tanishtirish maqsadida Parijda bo‘lib turgan bir guruh islomshunos, sharqshunos olimlar Fransiya milliy kutubxonasi, Fransiyaning tillar va sivilizatsiya kutubxonasiga tashrif buyurdi.

Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad kutubxonalar faoliyatini o‘rganish, ularda saqlanayotgan buyuk ajdodlarimiz qalamiga mansub nodir asarlar, qo‘lyozmalarni tadqiq etishga qaratilgan ishlarni tashkil qilish, o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan iborat.

Ta’kidlash kerakki, Fransiyaning tillar va sivilizatsiya kutubxonasi Markaziy Osiyo manbalari bo‘limiga ega bo‘lgan mamlakatdagi yagona madaniy muassasa hisoblanadi. Kutubxonada dunyoning 180 ta mamlakatidan keltirilgan 350 tildagi nodir kitoblar, qo‘lyozmalar, ilmiy tadqiqot ishlari saqlanadi. Har kuni yuzlab talabalar, tadqiqotchilar va xorijlik mehmonlar bu yerga tashrif buyurib, o‘zlari qiziqqan sohaga oid manbalar bilan tanishadilar.

Kutubxona direktori Benjamin Gisharning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda Yevropada Markaziy Osiyo mintaqasiga bo‘lgan qiziqish ortib bormoqda. Shu sababli kutubxona fondini O‘zbekistonda nashr etilgan kitoblar bilan to‘ldirish ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib turibdi. Fransiyaning tillar va sivilizatsiya kutubxonasi rahbariyati bilan joriy yilda O‘zbekistonda chop etilgan kitoblar namoyishini tashkil etish, o‘zaro mutaxassislar almashish, delegatsiyalar tashrifini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.

Shu kunning o‘zida kutubxonada Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida nashr etilgan 15 ta kitobning taqdimot tadbiri bo‘lib o‘tdi. «Markaziy Osiyo mamlakatlari ichida O‘zbekiston o‘zining ilmiy salohiyati, fan va ta’limga e’tibori bilan ajralib turadi. Movarounnahr ulamolari asarlari, xususan, Imom Buxoriyning XVII asrga oid «Sahihi Buxoriy» kitobi, Ibn Sinoning «Tib qonunlari», Mirzo Ulug‘bekning «Ziji jadidi Ko‘ragoniy», Mahmud Zamaxshariyning «Muqaddamatul adab» asari qo‘lyozmalari fondimizning chin ma’nodagi xazinasi hisoblanadi. Biz ushbu asarlarni o‘rganishda o‘zbekistonlik mutaxassislar bilan hamkorlik qilishdan manfaatdormiz», - deydi Benjamin Gishar.

Shuningdek, 31 million kitob fondiga ega Fransiya milliy kutubxonasida o‘tkazilgan suhbat chog‘ida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tadqiqotchi va mutaxassislarining Fransiyada malaka oshirishini tashkil qilish, mamlakatimizning boy tarixiga oid nodir qo‘lyozmalarning nusxalarini olish haqida kelishib olindi. Ularning orasida Qur’oni karimning VIII-XI asrlarda kufiy va nasta’liq yozuvlarida ko‘chirilgan nusxalari, Imom Buxoriy, Xorazmiy, Beruniy, Farg‘oniyning arab va lotin tillarida ko‘chirilgan nodir nusxalari mavjud.

Fransiya milliy kutubxonasi rahbariyati «Madaniyat xodimi» dasturi doirasida 2 nafar o‘zbekistonlik amaliyotchini qo‘lyozmalarga dastlabki ishlov berish va tiklash, shuningdek, qo‘lyozmalarni raqamlashtirish mutaxassisliklari bo‘yicha qabul qilishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

Tashrif davomida erishilgan kelishuvlar, Fransiya nufuzli idoralari rahbarlarining mamlakatimiz haqida, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risida bildirayotgan ijobiy fikrlari O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi tobora yuksalib borayotganidan darak beradi.