Asosiy menu

«Abu Mansur al-Moturidiy» kitobi taqdimoti o'tkazildi

Agentlik tizimidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Saidmuxtor Oqilovning «Abu Mansur al-Moturidiy» kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda sharqshunoslar, faylasuflar, dinshunoslar, talabalar va kutubxona foydalanuvchilari ishtirok etdilar.

Tadbirni ochiq deb e’lon qilar ekan O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori A.Abduazizov Sharq donishmand va mutafakkirlarining ilmiy va ma’naviy merosini, pandu-nasihatlarini o‘rganishning hozirgi kundagi dolzarb muammolarni hal etishdagi rolini alohida ta’kidladi. Shuningdek, shu kabi taqdimotlarning O‘zbekiston Milliy kutubxonasida o‘tkazilishining ahamiyati, unda kitobxonlarning muallif bilan bevosita muloqot qilishi va kitob bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishiga urg‘u berib o‘tdi.

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisining o‘rinbosari Shayx Abdulaziz Mansur O‘zbekiston hozirgi kunda Markaziy Osiyoning madaniy va diniy markazi bo‘lib kelayotganini e’tirof etdi va: «Samarqand, Buxoro, Xiva, Farg‘ona, Toshkent kabi qadimiy shaharlarda me’moriy obidalar bilan bir qatorda Imom al-Buxoriy, Imom Moturudiy, Abduholiq G‘ijduvoniy, Bahovuddin Naqshbandiy, Ahmad Farg‘oniy, Burhoniddin Marg‘iloniy, Imom at-Termiziylarning muqaddas maqbaralari va ular nomi bilan bog‘liq tabarruk qadamjolar bor. Ularning ta’limoti, merosiga qaratilayotgan e’tibor, ularni o‘rganish, saqlash va kelajak avlodga yetkazish borasida ko‘pgina ishlar amalga oshirilmoqda. Bugun taqdimoti o‘tkazilayotgan kitob ham buyuk allomalarimizning kitoblari va ularning hayoti va faoliyatini o‘rganishga bag‘ishlangan», - dedi Shayx Abdulaziz Mansur.

Kitob muallifi, Saidmuxtor Oqilov  islom tamaddunining vakili Abu Mansur al-Moturidiy ta’limoti bilan tanishtiruvchi mazkur kitobning yozilishi maqsadi va ahamiyati to‘g‘risida so‘zlab berdi. «Musulmon dunyosi tafsir, hadis, fikx, kalom kabi islomiy ilmlarni fan darajasiga olib chiqqan donishmandlarimizning ilmiy va diniy qarashlari o‘rganib kelmoqda. Shuni ham e’tirof etish kerak-ki, mazkur kitob buyuk ajdodimiz, hayoti va ilmiy izlanishlariga bag‘ishlangan bo‘lib, nafaqat o‘quvchilar va talabalarga, balki ilmiy izlanishlar doirasidagi diniy qonun-qoidalarga qiziquvchi keng kitobxonlar ommasiga mo‘ljallangandir».

Shuningdek tadbirda Toshkent islom universiteti prorektori, tarix fanlari nomzodi, dotsent Ibrohim Usmonov, Imom at-Termiziy markazi direktori, tarix fanlari doktori, professor Ubaydulla Uvatov, Toshkent islom universiteti «Tarix» kafedrasi professori, tarix fanlari doktori Ahadjon Hasanov, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi direktori, tarix fanlari nomzodi Shovosil Ziyodov, Toshkent islom universiteti dotsenti, filologiya fanlari nomzodi Abdulhay Abdullaevlar so‘zga chiqdilar.

Taqdimot qatnashchilari kitobning dolzarbligi va amaliy ahamiyati haqida, unda  Abu Mansur al-Moturidiy hayoti, diniy faoliyati, zamondoshlari va izdoshlarining uning ta’limoti va ilmiy ishlariga qarashlari haqida hikoya qilishini e’tirof etdilar. Kitob besh bobdan iborat bo‘lib, Abu Hanifa ta’limotining Xuroson va Movaraunnahrga kirib kelish tarixi, Moturudiy yashagan davr va Movarounnahrda faoliyat olib borgan aqidaviy ilmiy maktablar, Abu Mansur al-Moturidiy hayoti ilmiy merosi va Moturudiya ulamolari, Moturudiya va ash’ariya ta’limotlari o‘rtasidagi farqlar, moturudiya ta’limotining isloxotchisi Abul Muin an-Nasafiylar haqida ma’lumot beradi. Shuningdek so‘zga chiqqanlar ushbu monografiya materiallaridan islomshunoslik tarixi va nazariyasi, islom ahloqi, madaniyati tarixi, ayniqsa, kalom ilmi va aqoid fanlari bo‘yicha dastur tuzishda foydalanish mumkinligini ta’kidlab o‘tdilar.

Talabalar va kutubxona foydalanuvchilari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob oldilar. Shuningdek ular Saidmuxtor Oqilovning «Abu Mansur al-Moturidiy» kitobi va taqdimot marosimi haqidagi o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar.