Asosiy menu

O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tizimidagi Milliy kutubxonada “Bahor tongi” deb nomlangan ko‘rgazma ochildi

2018 yil 6 mart kuni O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tizimidagi Milliy kutubxonasi «Ijod» o‘qish zalida O‘zbekiston xalq artisti, raqqosa, baletmeyster va pedagog Qunduz Mirkarimova tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan «Bahor tongi» deb nomlangan kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi. Ko‘rgazmada san’atkorning bosib o‘tgan ijod yo‘lidan so‘zlovchi kitoblar, Qunduz Mirkarimova kasbdoshlari va shogirdlari hikoyalari va raqslari muhrlangan fotosuratlar o‘rin olgan.

O‘zbek raqqosasi va baletmeysteri Qunduz Mirkarimova 1928 yilda Toshkentda tug‘ilgan. 1943—1946 yillarda Yangiyo‘l musiqali drama va komediya teatri, 1946—1948 yillarda Muqimiy nomidagi musiqali drama va komediya teatrida ishlagan. 1951 yilda Moskvadagi Katta teatr qoshidagi xoreografiya bilim yurtini tugatgach, 1973 yilga qadar M.Qoriyoqubov nomidagi O‘zbek Davlat filarmoniyasi raqqosasi sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Faoliyati davomida «G‘ayratli qiz», «Katta o‘yin», «Xorazmcha raqs», «Uyg‘urcha raqs», «Rohat», «Jonon», «Nay navosi», «Bahor tongi», «Tanovar», «Zang o‘yin», «Pomir raqsi», «Dildor», «Gulruh», «Raqqosasidan», «Cho‘li iroq», «Guldasta», «Tog‘ raqsi», «Usmoni raqsi», «Gulnoz» kabi mumtoz, xalq va zamonaviy hamda qardosh xalqlar raqslarini katta mahorat bilan ijro etdi. Raqsga tushish, raqsni sahnalashtirishning murakkab va nozik sir-asrorini ustozlari Mukarrama Turg‘unboyeva, Roziya Karimova, Gavhar Rahimova, Natalya Gubskayalardan o‘rganib, butun talanti va ijodiy kuch-qudratini ishga solib, ustozlari an’analarini davom ettirdi, ko‘plab mumtoz, xalq va hozirgi zamon raqslarini sahnalashtirdi.

«Toshkent zangi», «Qo‘qoncha doira raqsi», «Yor istab», «Tanovar-1, 2, 3», «Yangi tanovar», «Toshkent tanovari», «Farg‘ona tanovari», «Namangan tanovari», «Qo‘qon tanovari», «Adolat tanovari», «Ey, sarviravon», «O‘rik gullaganda», «O‘zbekiston qizlari», «Navro‘z raqsi», «O‘zbek miniatyuralari», «Xamsa raqsi», «Xotira», «Ona qalbi», «Barigal», «Salom ayting», «Katta buxorcha», «Bisyor», «Olmacha anor», «So‘zana», «Palak», «Paxta» va M.Turg‘unboyevaga bag‘ishlangan raqs va kompozitsiyalari shular jumlasidandir. U sahnalashtirgan raqslar nafis va jozibali, yoqimli va o‘ziga xos, qaytarilmas xususiyatlari bilan alohida ajralib turadi.

Shuningdek, «Safti munojot», «Nasir segoh», «Siraxiroj», «Dilxiroj», «Ko‘za raqsi» va arab, tunis, yapon, turk, koreyscha yakka raqslarni ham muvaffaqiyat bilan sahnalashtirdi. Qunduz Mirkarimova ko‘plab xorijiy mamlakatlarda ijodiy safarlarda bo‘lib, o‘zbek raqs san’atining noyob durdonalarini namoyish etdi.

Qunduz Mirkarimovaning o‘zbek raqs san’atini dunyoga tanitishdagi xizmatlari munosib baholanib, u Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi Davlat mukofoti, «Do‘stlik» ordeni, «Shuxrat» medali va «O‘zbekiston xalq artisti» unvoni bilan taqdirlangan.

O‘zbekiston xalq artisti, raqqosa, baletmeyster va pedagog Qunduz Mirkarimova tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan «Bahor tongi» deb nomlangan kitob-rasmli ko‘rgazmaga tashrif buyurgan foydalanuvchilar mazkur ko‘rgazmadan o‘zbek san’atida beqiyos raqslarni sahnalashtirgan mahoratli baletmeyster Qunduz Mirkarimova haqida boy ma’lumotga ega bo‘ldilar.