Asosiy menu

Kitob bor joyda qalb uyg‘onadi

«O‘qing va o‘rganing. Jiddiy kitoblarni o‘qing, qolganini hayotning o‘zi beradi», degan edi Fedor Dostoevskiy.  Haqiqatan bugun o‘qilishi zarur bo‘lgan jiddiy kitoblar ko‘p. Buning uchun esa sharoit, muhit va vaqt sinovidan o‘tgan asarlarning targ‘ibotini yaxshilashni hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining «Barkamol avlod – yurt kelajagi» nomli grant loyihasini amalga oshirayotgan Qibray tumanidagi «Iftixor» mahallasida bo‘lib o‘tgan  seminar-trening ham  yoshlarni kitobga qiziqtirishda oila, mahalla va maktabning tutgan o‘rni, kitobxonlik va mutolaa madaniyatini yuksaltirish masalalariga bag‘ishlandi. To‘g‘ri, birovga majburlab kitob o‘qitib bo‘lmaydi. Lekin odam erkin fikr yuritishi, eng ezgu tuyg‘ularni qalbiga olib kirish uchun ham muntazam kitob yoki gazeta o‘qib turishi kerak.

  

Bolalarni yoshlikdan kitobga qiziqtirish, mehr uyg‘otish uchun ota-onalar, muallimlar, yozuvchi va shoirlar, noshirlar o‘z ishiga katta mas’uliyat bilan qarayotgan bir paytda bunga mahalladagilar ham kamarbasta bo‘layotgani quvonarli hol. «Iftixor» mahallasida bo‘lgan seminar-treningda taniqli shoir va yozuvchilar, mahalla faollari, kollej talabalari, maktab o‘qituvchilari hamda o‘quvchilar ishtirok etishdi. Erkin muloqot tarzda o‘tgan tadbirda so‘zga chiqqanlar kitobning ahamiyati haqida to‘xtalarkan, sharqona axloq-odobimiz, kattalarga hurmat, kichiklarga izzatda bo‘lishi singari insoniy fazilatlarni mutolaa orqali qalblarga singdirish hammaning burchi ekanini tilga olishdi. 

Albatta, inson onadan yomon bo‘lib tug‘ilmaydi. Undagi salbiy xislatlar nosog‘lom muhit yoki noto‘g‘ri tarbiya tufayli yuzaga chiqadi.

– «Yoshlar to‘g‘risidagi davlat siyosatining amalga oshirilishi, yosh avlodning intellektual salohiyatini yuksaltirish chora-tadbirlari, yoshlar orasida kitob o‘qish madaniyatini shakllantirish va targ‘ib etish» mavzusida o‘tkazilgan seminarimiz mahalla yoshlari hayotida muhim voqea bo‘ldi. Bugun farzandlarimizning fikri-zikrini har xil kompyuter o‘yinlari band qilayotgani, xayolini internet tarmog‘idagi turli saytlar egallab olayotgani sir emas. Ularni kitobga yaqinlashtirish, kitob yordamida tafakkurini shakllantirish har birimizning vazifamiz, – deydi «Iftixor» mahallasi raisi Eminjon Xayrullaev. – Qancha o‘qiganing sari shuncha yangi ma’nolar kashf etaverasan. Mahallamizda yoshi ulug‘ otaxonu onaxonlar, bola tarbiyasi bilan shug‘ullanib vaqtinchalik uyda o‘tirgan yosh onalar ko‘p. Ular bo‘sh vaqtida farzandlari, nabiralari bilan birgalikda bemalol kitob o‘qishlari uchun mahalla qoshida mo‘’jaz kutubxona tashkil etdik. Kitob tokchalaridagi asarlarni shaxsiy ehtiyoj yoki zarurat yuzasidan xarid qilmadik. Aksincha, kitobxonlarning e’tiborini tortadigan, bir-biriga maqtab-maqtanib o‘qiydigan kitoblarni ko‘plab nashriyotlardan saralab, tanlab oldik. Sababi, kitobxonlar har xil bo‘ladi. Ba’zilarning uyida shaxsiy kutubxonasi bor, istagan paytda o‘zi sevgan asarni o‘qish imkoniyatiga ega. Lekin shundaylar ham borki, ro‘zg‘or tashvishlari, bola-chaqasiga yedirish-ichirish, kiydirishdan ortib, birorta kitob olib berishga qurbi yetmaydi. Ana shunday oilalarga yaqindan ko‘mak berish, ma’naviy dunyosini boyitish va kitobxonlar safini kengaytirish uchun kutubxonamiz o‘z faoliyatini boshladi. Bu yerda nafaqat o‘zbek xalq ertaklari, balki ispanlar, irlandlar, shotlandlarning ona tilimizga mahorat bilan o‘girilgan ertaklari, xalq qo‘shiqlari, afsonalari bor. Zamonaviy shoir va yozuvchilarimizdan Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Muhammad Ali va boshqa yana ko‘plab ijodkorlarning eng sara asarlari ham o‘rin olgan. Bolaligimizda bu asarlarni o‘qiganmiz, endi farzandlarimiz ham bundan bahramand bo‘lishiga sharoit yaratib berishimiz kerak. Bundan faqat «Iftixor» mahallasidagilar emas, qo‘shni mahalladagilar ham bemalol foydalanishlari mumkin.  

Ha, mahallada ochilgan kutubxonaga borganimizda, nafaqat badiiy asarlar, balki yoshlarni qiziqtiradigan ilmiy va ommabop kitoblar ham borligiga ishonch hosil qildik. Ko‘pchilik sevib o‘qiydigan «Ming bir kecha»dan tortib, o‘zbek va jahon adabiyotining  durdona asarlari kutubxonaga o‘zgacha salobat bag‘ishlab turibdi. Tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisining o‘rinbosari O‘ktam Mirzayorov o‘z chiqishida yoshlar qaysi kitoblarni o‘qishni xohlashini o‘rganib chiqish, shu kuzatishlar asosida ota-onalar, ustozlar bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli va samarali o‘tkazish uchun mahalla va maktabdagi kutubxonalarga jalb etish borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan taqdim etilgan kitoblar majmuasi kutubxona uchun qimmatli sovg‘a bo‘ldi. Taniqli shoir Abdumajid Azim ham o‘z she’rlaridan namunalar o‘qib bergani seminar qatnashchilari qalbida chuqur taassurot qoldirdi.

– Ochig‘i, shu paytgacha kitob deganda, faqat maktab darsliklarini tushunardim. Endi bilsam,  bu tushuncha jahon adabiyoti, umuman, barcha yaxshi kitoblar bilan bog‘liq ekan. Uyda ota-onamiz kitob o‘qi deb zorlanadi, maktabda o‘qituvchilarimiz qo‘limizga kitob tutadi, mahallamizda mo‘’jazgina kutubxona ochildi, bu hammasi yaxshi, lekin oramizda negadir, kitob o‘qiydiganlardan o‘qimaydiganlar ko‘p, – deydi Qibray tumanidagi 1-maktab o‘quvchisi Javlon Komiljonov. –  Buning o‘ziga xos sabablari bor, masalan, o‘zim biror institutga o‘qishga kirish uchun maxsus fanlarga oid adabiyotlar bilan chegaralanib qolganman. Uydagilar ham ko‘proq shunga e’tibor qaratgan. Ba’zi sinfdoshlarimning yaqinlari esa «Kitobingni yig‘ishtir, o‘qiganing bilan tanish-bilishsiz o‘qishga kirolmaysan, undan ko‘ra boshqa foydaliroq ish qil!» deb uy yumushlariga jalb qiladi. Ko‘pchilikni kitobdan sovib ketganining boisi ham shunda. Lekin Prezidentimiz Sh.Mirziyoevning eng yaxshi kitobxonlarga sovrin sifatida «Spark» mashinasi qo‘ygani yaxshi ish bo‘ldi. Bilasiz, o‘g‘il bolalarning hammasi mashinaga qiziqadi, bu tanlovda o‘z bilimimizni sinab ko‘rmoqchimiz. Bu sovg‘a millionlab kitobxonlar orasida qaysi omadli tengdoshimizga nasib qilishini hozircha bilmaymiz, lekin bilimdonlarga shunday imkoniyatning yaratilganini o‘zi katta gap.

Tadbirda haqiqiy kitobsevarlar, kitob muxlislari ham davradagilarning fikrlariga qo‘shilib, kitob faqat javonni bezab turish emas, ma’naviy hayotimizni boyitishga xizmat qilishi kerakligini alohida ta’kidlab o‘tishdi. Shuningdek, «Iftixor» mahallasining tashabbusi bilan «Eng yaxshi kitobxon» tanlovi  e’lon qilinib, g‘oliblar 2018 yilning mart oyida, ya’ni Navro‘z bayramida bepul ko‘hna Samarqand shahriga ziyoratga borishi aytilganda, yosh kitobxonlar yanada to‘lqinlanib ketdi. 

Xalqimiz «Bir bolaga yetti mahalla ota-ona» deb bejiz aytmagan. Mahalladagilar aholi o‘rtasida kitobxonlik saviyasini yuksaltirishga yuksak madaniy ish deb qarayotgani tahsinga loyiq. Kitob qanchalik kundalik hayotimizning ajralmas qismiga aylansa, shuncha yuksak orzular, yangi g‘oyalar, fikrlar va olamshumul kashfiyotlar olamida yashaymiz. Yurtimizda ana shunday ma’rifatli, kitobxon mahallalar qanchalik ko‘paysa, yoshlarimiz ongu tafakkuri shunchalik tiniqlashib boraveradi.    

 


«Hurriyat»