Asosiy menu

“Alisher Navoiy: qomusiy lug‘at” taqdimoti


«Alisher Navoiy: qomusiy lug‘at» taqdimoti

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida «Alisher Navoiy: qomusiy lug‘at» kitobining taqdimoti o‘tkazildi. Unda olimlar, yozuvchi va shoirlar, adabiyot ixlosmandlari ishtirok etdi. 

Tadbirda O‘zbekiston Qahramoni S.G‘aniyeva, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi A.Saidov, «Sharq» nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh direktori O.G‘ulomov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida xalqimizning boy madaniy merosini, buyuk ajdodlarimizning jahon ilm-fani rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini chuqur o‘rganish borasida qilinayotgan ishlar yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirishda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi. 

Mamlakatimizda Alisher Navoiy adabiy va ilmiy merosini o‘rganish va keng targ‘ib etish bo‘yicha fundamental tadqiqotlar olib borilmoqda. Shoirning mukammal asarlar to‘plami, navoiyshunoslikning dolzarb masalalariga oid ko‘plab kitoblar, risolalar nashr etilgan va bu boradagi ishlar davom etmoqda. Buyuk mutafakkir asarlarini tilshunoslik nuqtai-nazaridan o‘rganishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

«Sharq» nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati tomonidan nashr etilgan ikki jildli ushbu qomusiy lug‘at ham ana shunday izlanishlar natijasidir. Unda Alisher Navoiy hayoti, asarlari, poetikasi, obrazlar olami, ustozlari va zamondoshlari haqida muxtasar ma’lumotlar berilgan. 

Lug‘atda maqolalarning nomlari, istilohlar qisqa va lo‘nda, tushunarli shaklda berilgan. Tadqiqot mazmun-mohiyatini belgilashda milliy qomuschilik va jahon tajribasidan foydalanilgan. 

Taqdimotda Navoiy ijodida ma’rifat talqini, badiiy matn va nashr muammolari, ustoz-shogird munosabatlari, allomaning asarlariga bag‘ishlangan mavzularda ma’ruzalar tinglandi. 

O'zA materiali