Asosiy menu

Abul Mo‘iyn an-Nasafiy merosi: “AT-TAMHID LI QAVOIDI-T-TAVHID”

Joriy yilning 24-25-fevral kunlari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev viloyatimizga tashrifi chog‘ida buyuk vatandoshimiz Abul Mo‘iyn an-Nasafiyning boy ilmiy merosi sog‘lom diniy tafakkurni shakllantirishda, yoshlarimizni turli yot g‘oyalardan asrash, chinakam barkamol insonlar etib tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab, alloma asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilib, chop etish hamda keng ommaga taqdim etish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalarni bergandi.

E’tiborlisi, viloyat hokimligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tashabbusi bilan islomshunos olim Irgash Daminov tomonidan Abul Mo‘iyn an-Nasafiyning «At-tamhid li qavoidi-t-tavhid» («Tavhid qoidalariga muqaddima») asari sharh va izohlari bilan nashr etildi. Mas’ul muharrir Shayx Abdulaziz Mansur, ilmiy maslahatchi O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov.

Viloyat hokimligida mazkur kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Alisher Qodirov, islomshunos olim Irgash Daminov va boshqalar so‘zga chiqishib, Abul Mo‘iyn an-Nasafiy qoldirgan ilmiy-ma’naviy meros nafaqat o‘z zamonasi, balki turli xil oqimlar, firqalar o‘z buzg‘unchi g‘oya va maqsadlarini davom ettirayotgan hozirgi davr uchun ham dolzarb hisoblanishini ta’kidladilar.

«At-tamhid li qavoidi-t-tavhid» asarida ahli sunna va-l-jamoa aqoidi, xususan, moturidiya ta’limotining asl mazmun-mohiyati ilmiy tarzda bayon qilingan bo‘lib, adashgan turli firqalarning da’volariga ahli sunnaning naqli va aqliy raddiyalari jamlangan. Bu esa bugungi globallashuv davrida dunyoning ko‘plab mamlakatlarida faolligi sezilib turgan destruktiv oqimlarga ilmiy asosli raddiyalar berishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Masalan, ash’ariylar payg‘ambar yuborish shart emasligini ta’kidlashadi. Aslida esa agar insonlarga elchi yuborilmasdan o‘z holiga tashlab qo‘yilsa, birovning zarariga bo‘lsa ham o‘z tabiati, xohish-istagiga moyil narsaga intilardi. Natijada ko‘p janjallar, dushmanlik, gina va kuduratlar yuzaga kelar edi. Bu esa oxir-oqibat inson naslining tugab bitishiga olib keladi. Vaholanki olamni yaratishdan maqsad insonlardir. Demak, payg‘ambarlarni yuborish shar’iy yo‘l-yo‘riqlar bilan xalq uchun chiroyli oqibat hosil bo‘lishi va bandalar orasida bekorchilik va buzg‘unchilik sabablarini ko‘tarish uchundir.

«Ne’matning qadr-qiymati va unga teng keladigan shukurni bayon qilib beradigan shariat (ko‘rsatma) lozim», deb yozadi Abul Mo‘iyn an-Nasafiy. – «Bu aqlli odam imkon topishi uchun amalga oshirishga majbur bo‘lgan narsasini bajarishi va mashg‘ul bo‘lish man qilingan narsadan tiyilishi uchundir».

Ash’ariylar va mu’taziliylar fikrini rad qilgan Abul Mo‘iyn an-Nasafiy payg‘ambarlik tufayligina insonlar tanasi sog‘lom, shaxslar va jamoatlararo munosabatlar mustahkam turishini isbotlaydi. Asarda bu kabi fikrlarni ko‘plab uchratish mumkin. Umuman, bu kitob har bir xonadonda, barcha ta’lim va ma’rifat maskanlarida bo‘lishi, o‘qib-anglanishi zarur.

Kitob taqdimoti so‘ngida 2017-yil davomida ma’naviy-ma’rifiy soha samaradorligini oshirishdagi faol ishtiroki uchun bir guruh ma’naviyat targ‘ibotchilari tashakkurnoma bilan taqdirlandilar.

qashqadaryogz.uz