Asosiy menu

“Binafsha” nomli qissa va hikoyalar to‘plami chop etildi

Binafsha bahorda ochiladi. Uning gullari kishiga ko‘tarinki kayfiyat, jur’at, jo‘shqinlik baxsh etib, aqlni charxlash va teran mulohaza qilishga yordam beradi. Shuningdek, undan tabobatda keng foydalaniladi.

Insonga ko‘tarinkilik va jur’at bag‘ishlab, ulkan maqsadlarga undaydigan bu gul nomi sevimli yozuvchimiz Abdusaid Ko‘chimov qalamiga mansub «Binafsha» hikoyasidagi ayol ismida qo‘llanilishida ham o‘ziga xos ramziylik bor. Negaki, asarda hayotdagi achchiq sinovlar uni biroz yo‘ldan adashtirsa-da, binafsha gulidek o‘zining nimaga qodirligini namoyon etgan, turmush sinovlarida toblangan, aql-zakovati bilan nazarga tushgan Binafsha obrazi talqin etilgan.

Hikoyadagi hayotiy voqelik va inson taqdirining badiiy ifodasi, til jozibasi va orzu-istaklar ro‘yobi kitobxonni ezgulikka, yangi maqsadlarga undaydi, ko‘nglimiz mulkini boyitadi...

10.jpgYaqinda G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan taniqli adib va shoir Abdusaid Ko‘chimovning «Binafsha» nomli qissa va hikoyalar to‘plami chop etildi.

Toshkent shahridagi «Kitob olami» ma’naviy-ma’rifiy savdo majmuasida o‘tkazilgan tadbir mazkur kitob taqdimotiga bag‘ishlandi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 12-yanvardagi "Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida"gi farmoyishi ijrosi doirasida tashkil etilgan mazkur tadbirda adabiyotshunos olimlar, yozuvchi va shoirlar, yosh ijodkorlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Filologiya fanlari doktori, professor Nasimxon Rahmonov, adabiyotshunos olim Rahimboy Jumaniyozov, shoir Muhammad Ismoil va boshqalar Abdusaid Ko‘chimovning she’riy va nasriy asarlarida ona zamin mavzusi, uning tabiati, yurtimiz jamoli va o‘zgarishlar, odamlar hayoti, ularning istak-xohishlari o‘ziga xos ifodasi bilan o‘quvchilar qalbidan mustahkam o‘rin egallagani hamda uning ijodi yoshlarning ma’naviy olamini boyitish, adabiyotga qiziqishini uyg‘otish va ularni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

«Binafsha» kitobi – yozuvchining yangi ijod mahsuli. O‘ziga xos uslub va yondashuv mevasi bo‘lgan bu to‘plamga kiritilgan «Binafsha», «To‘y», «Telefon jim edi», «Ishqiboz», «Oq ilon», «Biz» kabi hikoyalarida Vatan va oilaga muhabbat, yorga sadoqat, mehr-oqibat, qadr-qimmat, do‘stlik va ahillikka alohida urg‘u berilgan. «Peshona» qissasida esa milliy adabiyotimizda deyarli tilga olinmagan mavzu – qariyalar uyidagi mahzun hayot, u yerda yashayotgan keksalar hayoti, ularning achchiq kechmishi va armonlari ta’sirli ochib berilgan.

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 13-sentabrdagi «Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida«gi qarori bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirishda muhim bosqichni boshlab berdi, – deydi filologiya fanlari doktori, professor Qozoqboy Yo‘ldoshev. – Bugungi kitob taqdimotining mazmun-mohiyati ana shunday ezgu amallarga qaratilgani bilan katta ahamiyatga ega. Abdusaid Ko‘chimov keng qirrali ijodkor. U yozgan esselar, she’rlar va asarlar allaqachon o‘z o‘quvchisini topgan. Muallifning «Binafsha» kitobi ham odamzodning ichki dunyosi, ruhiy olamiga xos bo‘lgan rangin his-tuyg‘ularning badiiy bo‘yoqlari bilan o‘quvchini bee’tibor qoldirmaydi. Ayniqsa, asarlardagi turfa qahramonlar talqini, inson botinidagi tug‘yonli kechinmalar, ulug‘ fazilatlarning ravon va xalqchil ifodasi yozuvchining teran nigohi va dil-qalb prizmasi, mahorati va tajribasi ulkanligini yaqqol ko‘rsatadi. Shu ma’noda ishonch bilan aytish mumkinki, mazkur asarni kitobxonlar katta qiziqish va taassurotlar bilan o‘qib chiqadi.

O‘zA