Asosiy menu

Poytaxtda “Kitobdan yaxshiroq do‘st yo‘q jahonda” nomli konsert tashkil etildi

«Turkiston» san’at saroyida 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan «Kitobdan yaxshiroq do‘st yo‘q jahonda» nomli konsert tashkil etildi. Tadbir Mudofaa, Ichki ishlar vazirliklari, Toshkent shahar hokimligi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘tkazildi.

Tantanali tadbirda kitobxonlikka chorlovchi videoroliklar namoyish etildi, «Yosh kitobxon» tanlovi g‘oliblari so‘zga chiqdi, taniqli ijodkorlar asarlaridan monologlar o‘qildi.

– Farzandlarim bilan keldim, – deydi Dilbar Olimova. – Foyeda kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etilibdi. Bolalarim uchun kitoblar xarid qildim. Ayniqsa, kenja qizim «O‘zbek xalq ertaklari» kitobini olib berganimdan juda xursand bo‘ldi. Farzand tarbiyasida kitobning o‘rnini yuqori baholayman.

Tadbirda yosh tadqiqotchi Charos Mirxoliqovaning «Kitob haqida kitob» nomli kitobi haqida ma’lumot berildi.

– Doktorlik dissertatsiyamning mavzusi ham «Yoshlarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish», – deydi Ch.Mirxoliqova. –Kitob bir yil davomida tayyorlandi. Mutolaa va inson omili xususidagi ma’lumotlar jamlanmasi kitobxonda yaxshi taassurot qoldiradi, degan umiddamiz.

Ma’naviy-ma’rifiy tadbirda taniqli san’atkorlarning chiqishlari yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat baxsh etdi.