Asosiy menu

“Eng iste’dodli kitobxon” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi g‘oliblari taqdirlandi

Namanganda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilayotgan «Eng iste’dodli kitobxon» ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi g‘oliblari taqdirlandi. 

Viloyat hokimligi, viloyat o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, matbuot va axborot boshqarmalari, kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda 12 nafar o‘quvchi kitobxonlik madaniyati bo‘yicha o‘zaro bahslashdi. 

Tanlov ishtirokchilari tegishli nizomga muvofiq, ijtimoiy va siyosiy sohalar, badiiy kitoblar, she’riyat, kitoblar tavsiya qilish borasidagi bilimlarini sinovdan o‘tkazdi. 

10.jpg

– Kitobxonlik madaniyati va ko‘nikmasini shakllantirishda kitob targ‘iboti muhim rol o‘ynaydi, – deydi hakamlar hay’ati a’zosi Sh.Toshbekova. – Tanlov ishtirokchilari tomonidan mazmuni haqida ma’lumot berilgan ko‘plab kitoblarni bu yerga yig‘ilganlar topib o‘qish harakatiga tushib qolishiga aslo shubha yo‘q. Sababi «Men tavsiya qiladigan kitob» nominatsiyasida nafaqat kitob yoki uning muallifining nomi keltirildi, balki o‘quvchilar tomonidan asarning leytmotivi o‘ziga xos tarzda tushuntirib berildi. 

O‘quvchilarning badiiy kitob o‘qishga qiziqishini oshirish, o‘zbek va jahon adabiyoti hamda ularning namoyandalari haqidagi bilimlarini boyitish, dunyoqarash va ma’naviyatini to‘g‘ri shakllantirishga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan tanlov yakuniga ko‘ra, Namangan madaniyat kolleji o‘quvchisi A.Ravshanova birinchi, Uchqo‘rg‘on pedagogika kolleji o‘quvchisi N.Yahyopo‘latova ikkinchi, Norin akademik litseyi o‘quvchisi R.Abdulhamidova uchinchi o‘rinni egalladi. 

G‘olib va sovrindorlar tegishli darajadagi diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. 
 

Akramjon Sattorov, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA