Asosiy menu

Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi Davlat grantlari ajratish uchun tanlov e’lon qiladi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi jamoat fondi

«O‘sib kelayotgan yosh avlodni ma’nan yetuk, jismonan sog‘lom etib tarbiyalashga, ularda tadbirkorlik, ilmiy-ijodiy va intellektual salohiyatni shakllantirishga ko‘maklashish» mavzuida Davlat grantlari ajratish uchun tanlov

E’LON QILADI

Tanlovga nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining quyidagi maqsadlarni nazarda tutgan ijtimoiy ahamiyatga molik loyiha buyurtmanomalari qabul qilinadi:

1. Yoshlarda kitobxonlik ko‘nikmasini shakllantirish, uyushmagan yoshlar o‘rtasida «Adabiyotga e’tibor – ma’naviyatga e’tibor», «Men sevib o‘qigan kitob» va «Eng yaxshi kitobxon» tanlovlarini tashkil etish;

2. Uyushmagan yoshlarni, noqonuniy mehnat migranti sifatida xorijiy davlatlardan deportatsiya qilingan yoshlar bandligini ta’minlash, ularni mamlakatdagi bunyodkorlik ishlariga keng jalb qilish;

3. Yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish, innovatsion fikrlashini shakllantirish, ularni kashfiyotchilik, ratsionalizatorlik g‘oyalar va «nau-xau»larni ishlab chiqishga yo‘naltirish;

4. Mahallalardagi uyushmagan yoshlarning qiziqishlari, orzu va istaklarini hisobga olgan holda ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga shart-sharoit yaratish, turli to‘garaklar, sport jamoalarini shakllantirish;

5.Yoshlarning aerokosmik, aerodinamik sohalardagi bilimlarini yuksaltirishga ko‘maklashish, ularda internet, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan oqilona foydalanish madaniyatini yuksaltirish;

6. Yoshlarda, ayniqsa, uyushmagan, tarbiyasi og‘ir bo‘lgan yoshlarda g‘oyaviy va axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirish, ularni jamiyatdagi integratsiyasiga ma’naviy psixologik ko‘maklashish;

7. Yoshlar o‘rtasida erta nikohning oldini olish, oilaning muqaddas qadriyatlarini yoshlar tafakkuriga singdirishning innovatsion (ma’naviy, psixologik va boshqalar) usullarini amalga oshirish;

8. Yoshlarda fuqarolik burch va mas’uliyatni shakllantirish, ularning huquqiy ongini yuksaltirish, davlat va jamiyat qurish sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda qabul qilinayotgan qonun hujjatlari to‘g‘risida xabardorligini oshirib borish;

9. Madaniyat, adabiyot, san’at va aniq fanlar sohalarida yosh avlodning ijodiy faoliyatini ro‘yobga chiqarish imkoniyatini yaratishga ko‘maklashish, uyushmagan yoshlarni hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish;

10. «G‘oyaga qarshi g‘oya, jaholatga qarshi ma’rifat bilan» shiori ostida mahallalarda, ayniqsa, yoshlar orasida ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada mustahkamlashda ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazoratini yuksaltirish;

11. Uyushmagan va tarbiyasi muammoli yoshlarni ijtimoiy-huquqiy va sotsial-ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, ular o‘rtasida «Men Vatanimni sevaman», «Jamiyatda mening o‘rnim bor» mavzusida turkum tadbirlar o‘tkazish;

12. Madaniyat va sport muassasalari bilan sheriklikda yoshlar o‘rtasida xalq sporti o‘yinlarini ommalashtirish, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini madaniy tashkil etish, qishloq qizlarini badiiy gimnastika va sportga keng jalb qilish;

13. Ayollar va bolalarning huquqlari, qonuniy manfaatlarini himoya qilishda hamda ularni ijtimoiy-huquqiy va sotsial-ma’naviy qo‘llab-quvvatlashda joylardagi xotin-qizlar qo‘mitalari faoliyatiga ko‘mak ko‘rsatish.

Davlat granti ajratilishi uchun quyidagi hujjatlarni taqdim etish zarur:

1. Tashkilot rahbari tomonidan imzolangan va muhr bilan tasdiqlangan kuzatuv xati;

2. www.fundngo.uz veb-saytida joylashtirilgan shaklda to‘ldirilgan davlat granti loyihasi uchun ariza;

3. Oxirgi o‘zgartish va qo‘shimchalar bilan davlat ro‘yxatidan o‘tgan NNTlar va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining Ustavi (Nizomi) nusxasi;

4. Tashkilotning davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi;

5. Agar loyihani amalga oshirish litsenziyalanadigan faoliyatni talab qilsa, unda litsenziyaning nusxasi taqdim etiladi.

6. Manfaatdor davlat va jamoat tashkilotlarining iltimosnomalari, tavsiya xatlari ilova qilinishi mumkin.

Bitta loyiha uchun ajratiladigan grant miqdori – 30 million so‘mgacha.

Hujjatlar 2018-yil 7-iyundan 13-iyulgacha qabul qilinadi.

Hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi NNTlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi nomiga «O‘zbekiston pochtasi» orqali yuboriladigan muhrlangan konvertlarda (A4 formatda) quyidagi manzil bo‘yicha qabul qilinadi: 100163, Toshkent shahri, Islom Karimov ko‘chasi, 43-uy.

Hujjatlarni taqdim etish shartlari va namunalari bilan Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining www.fundngo.uz rasmiy veb-saytida tanishish mumkin.

Ma’lumot uchun telefonlar: (0-371) 239-26-76, 239-26-86.