Asosiy menu

Uyat emasmi?..

Respublika ishchi guruhi Andijon viloyati Baliqchi tumani «Siza» mahalla fuqarolar yig‘ini Baland ko‘chasi 24-uyda istiqomat qiluvchi Jakbarali Mamatov xonadonida ham bo‘ldi. Taqdirning sinovlarini qarangki, oilaning ikki nafar qiz farzandi – 1993-yili tug‘ilgan Shohsanam va 1997-yili tug‘ilgan Jumagul Mo‘yiddinovalar 1-guruh nogironi bo‘lib tug‘ilishgan. 11 yoshli kenjatoy Jahongir Mo‘yiddinov esa sog‘lom va ota-onasining qanotiga kirmoqda. 

– Men ham jigarbandlarimning baxtli bo‘lishini istayman, – deydi farzandlarning onasi Shirinxon Mamatova ko‘ziga yosh olib. – Hech bir onaning boshiga bunday sinovlarni solmasin ekan. Maktabdan o‘qituvchilar kelib, ularni uyda o‘qitishdi. Kattasi yura olmas edi. Xudoyimga ming qatla shukrki, 14 yoshida qadam tashlab, erkin yura boshladi. Bekor o‘tirishib siqilib qolishmasin degan fikrda uyda chok mashinada ul-bul tikishni o‘rgatdim. Mashina eski bo‘lsayam, qo‘llari kelishib qoldi. Ishchi guruhi xonadonimizga kirgach, bolalar bo‘sh o‘tirishmasin, hamonki tikishga ishtiyoq va ko‘nikmasi bo‘lsa, yangi tikuv texnikasini beramiz, deb qog‘ozga yozib ketishdi. 

Xalqimizda muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zish, ularni rag‘batlantirish va ko‘nglini ko‘tarish, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash ulkan savob deyishadi. Andijon viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi tomonidan zamonaviy «Janome» tikuv mashinasi ushbu xonadonga taqdim etildi. Shu bilan birga nogironlik aravachasi ham yetkazib berildi. Oila a’zolarining quvonchi cheksiz edi. 

Albatta, yordamning katta-kichigi bo‘lmaydi, uning ahamiyati har bir shaxs uchun qanchalik zarurligiga qarab belgilanadi. O‘rganishlar chog‘ida «Siza» va «Oqtepa» mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi og‘ir sharoitda kun kechirayotgan, oilasiga bir so‘m ham daromad kirmayotgan, bola-chaqasini boqishga qiynalayotgan xonadonlar ham aniqlandi. Boquvchisini yo‘qotgan, yakka-yolg‘iz, nogironligi bor, kam ta’minlangan oilalarga 20 qop un, 32 kilogramm yog‘ va boshqa zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi. 

«Oqtepa» mahallasi «Vodiy gavhari» ko‘chasi 44-uyda yashovchi Kamolov Sardor ko‘z kasalligidan 5 yoshligidan buyon aziyat chekib keladi. Yoshligida o‘yinqaroqlik qilib, bir ko‘zi butunlay ko‘rmay qoldi. O‘ng ko‘zining ko‘rish qobiliyati esa pasayib bordi va hozirda minus yetti (-7)ga tushib qoldi. Oqibatda kap-katta norg‘ul yigitmehnatga yaroqsiz bo‘lib qoldi. 

20180601_183105.jpg

20180601_190053.jpg

– 1997-2011 yillarda ikkinchi guruh nogironligi nafaqasini oldi, – deydi Sardor norizo ohangda. – Keyin esa sog‘lom bo‘lib qolibman, nafaqani bekor qilishdi. Vaholanki, sog‘lig‘im yaxshi tomonga o‘zgarganini sezganim yo‘q, aksincha bo‘layapti. Mana yoshim ham o‘ttizga kirayapti. Bitta farzandim bor. Ayolim ham ishlamaydi. 10-20 ta parranda boqqanim bilan kunim o‘tishi juda qiyin bo‘layapti. 

Haqiqatdan ham yangi uyga yaqinlari ko‘magida ko‘chib chiqqan yosh oilaning moddiy sharoiti bugun qoniqarli emas. Shu sababli ishchi guruhi tavsiyasiga ko‘ra, Sardor Kamolovga Andijon viloyat hokimligi sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan Statsionar sharoitda imtiyozli (bepul) davolanish uchun yo‘llanma rasmiylashtirib berildi. 

Uyda vaqtinchalik ishsiz o‘tirgan turmush o‘rtog‘i esa haq to‘lanadigan jamoat ishiga taklif qilindi. Qo‘shimchasiga bir qop un va ikki kilogramm yog‘ ham oddiyroq oila uchun katta ko‘mak sanaladi. Ammo gap bunda emas. Ishchi guruhi Sardorni davolanishdan qaytgach, tuman tibbiy mehnat ekspert komissiyasi tomonidan chuqur tekshiruvdan o‘tkazib, nechinchi guruh nogironligiga mansub ekanligini aniqlash bo‘yicha masalani o‘rtaga qo‘ydi. Agar uning nogironligi tasdiqlansa, nafaqa ham oilasiga oz bo‘lsa-da ko‘mak bo‘ladi. 

Ammo sektor shtabi, tuman mutasaddilari Toshkentdan ishchi guruhi kelib, bu kabi fuqarolarni yillab qiynab kelayotgan muammolarni ko‘rsatib berayotgani uyat emasmi?


Laziz Rahmatov,
Jurnalist