Asosiy menu

O`zbekiston va AQSh o`rtasida erishilgan kelishuvlar yuksak baholandi

O`zbekiston delegasiyasining Amerika Qo`shma Shtatlariga rasmiy tashrifi munosabati bilan «Villard interkontinental» mehmonxonasida uchrashuv bo`lib o`tdi, deb xabar bermoqdaPrezident matbuot xizmati.

Unda ikki mamlakat rasmiy delegasiyasi a`zolari, vazirlik va kompaniyalar rahbarlari, biznes va ilmiy doiralar vakillari ishtirok etdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Prezident Donald Tramp bilan muloqoti o`zaro ishonch va hurmat, bir-birining manfaatlarini hisobga olish ruhida o`tganini alohida ta`kidladi.

«Biz bu tarixiy tashrifni keyingi ikki yil mobaynida misli ko`rilmagan sur`atlar bilan rivojlanib borayotgan O`zbekiston – AQSh hamkorligining mantiqiy davomi, deb bilamiz. Garchi mamlakatlarimiz geografik nuqtai nazardan bir-biridan olisda joylashgan bo`lsa-da, mehnatsevarlik, bag`rikenglik va vatanparvarlik kabi qadriyatlar xalqlarimizni birlashtirib turadi» dedi davlatimiz rahbari.

O`zbekiston va AQSh o`rtasida iqtisodiy va investisiyaviy hamkorlik kengayayotgani ta`kidlandi. Kuni kecha ikki mamlakat kompaniyalari o`rtasida qariyb 4,8 milliard dollarlik yangi shartnomalar imzolangani yuqori baholandi.

Uchrashuvda davlatimiz rahbari O`zbekiston tarixini chuqur o`rganib, butun dunyoda keng targ`ib etayotgan Frederik Starr va barcha amerikalik olimlarga tashakkur izhor etdi.

Tadbirda yana bir e’tiborli voqea bo‘ldi: ko‘p yillik samarali ijodi, o‘zbek maqom san’atini rivojlantirish, xalqimizning boy madaniy merosini dunyoda targ‘ib etishga qo‘shgan hissasi uchun maqom ansamblining sobiq xonandasi Izro Asherovich Malakovga «O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti» faxriy unvoni berilgani e’lon qilindi. Izro Malakov yuksak e’tibori va qadrdon o‘zbek xalqining unvoni uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.