Asosiy menu

«Biz bilan kitob o‘qing!» marafoni ko‘pchilikda, ayniqsa, yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi

Mamlakatimizda kelajagimiz egalari bo‘lgan yoshlarimizni har tomonlama sog‘lom va barkamol, yuksak ma’naviyatli, bilimli qilib tarbiyalash borasidagi keng ko‘lamli islohotlar izchillik bilan hayotga tatbiq etilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 12 yanvardagi «Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida»gi farmoyishi hamda 13 sentyabrdagi «Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida»gi qarori aholi, ayniqsa, yoshlar orasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ularning ma’naviy-ma’rifiy, badiiy-estetik talablariga javob beradigan kitoblarni yuksak sifat bilan chop etish, joylarga, ta’lim muassasalariga vaqtida va maqbul narxlarda yetkazish, milliy va jahon adabiyotining eng sara namunalarini tarjima qilish borasidagi ishlar ko‘lamini yangi bosqichga ko‘tardi.

Bu jarayonda yoshlarning o‘zlari ham faollik ko‘rsatayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda.

"Telegram" tarmog‘ida yoshlardan tarkib topgan "Intellect" guruhi ham ayni shu ezgu maqsadga xizmat qilmoqda. Unda guruh a’zolari tomonidan muntazam intellektual o‘yinlar, mutolaa oyligi loyihalari, kitoblar bo‘yicha bahslar, Mehribonlik uylari hamda kam ta’minlangan oila farzandlariga mo‘ljallangan kitob o‘qish aksiyalari o‘tkazilib kelinmoqda.

Xususan, mutolaa oyligi loyihasi doirasida O‘tkir Hoshimovning «Ikki eshik orasi» romani tanlangan bo‘lib, ushbu kitob muhokamasi 29 oktyabrda bo‘lib o‘tadi. Shu kuni asar yuzasidan tanlov ham o‘tkazilib, g‘oliblar kitoblar jamlanmasi bilan taqdirlanadi. Tadbirda keyingi oy uchun mutolaa qilinadigan kitob nomi e’lon qilinadi. O‘tgan oy guruh azolari jahon adabiyoti durdonalaridan sanalgan Gabriel Garsia Markesning «Oshkora qotillik qissasi» asarini o‘qidi va Navoiy davlat pedagogika instituti talabasi E’zozxon Ismatova tanlovda g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

"Intellect" guruhi tomonidan poytaxtimizning Sayilgoh ko‘chasida o‘tkazilgan loyiha – «Biz bilan kitob o‘qing!» marafoni ko‘pchilikda, ayniqsa, yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

– Ushbu loyihani ilk bor o‘tkazdik, – deydi loyiha muvofiqlashtiruvchisi Ilyos Safarov. – Yoshlarning faol ishtiroki bizni quvontirdi. Kitobxonlikni ommaviy targ‘ib qilish va shu kabi loyihalarni yanada kengaytirishda bugungidek tadbirlarning ahamiyati katta. Endigi maqsadimiz, tez kunlarda Bobur nomidagi Toshkent markaziy ekobog‘ida kitob o‘qish marafonini tashkil qilib, bunday tadbirlarni viloyatlarda ham ommalashtirishdir.

O‘zA