Asosiy menu

"Oltin qalam": xalq mehri va ulkan mas’uliyat


"Oltin qalam": xalq mehri va ulkan mas’uliyat

Poytaxtimizdagi "Turkiston" saroyida "Oltin qalam" XII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov g‘olib va sovrindorlarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. 

3-may – Jahon matbuoti erkinligi kuni munosabati bilan ta’sis etilgan mazkur xalqaro tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar, ijodiy va jamoat tashkilotlari, mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. 

Tanlov tashkiliy qo‘mitasi raisi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi S.Hakimov va boshqalar Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan matbuot sohasini tubdan isloh etish, uni to‘rtinchi hokimiyatga aylantirish, moddiy bazasini yanada mustahkamlash, kadrlarning kasb salohiyatini yuksaltirish borasida amalga oshirilgan ezgu sa’y-harakatlar bugungi kunda izchil davom ettirilayotganini ta’kidladi. 

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning jamiyat hayotining barcha sohalarini yanada rivojlantirish, xalqimiz manfaatlarini himoyalash, og‘irini yengil qilish, munosib mehnat, turmush sharoitlarini yaratish, shu maqsadda aholining barcha qatlamlari bilan ochiq va samimiy muloqot o‘rnatish borasidagi ezgu sa’y-harakatlarini xalqimiz mamnuniyat bilan kutib olmoqda. 

Prezidentimizning 2017-yil 7-fevraldagi "O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida"gi farmoni mamlakatimizni yanada barqaror va jadal sur’atlar bilan rivojlantirish uchun mutlaqo yangicha yondashuv hamda tamoyillarni hayotga keng joriy etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bularning barchasi jamiyat ko‘zgusi sanalmish ommaviy axborot vositalari xodimlaridan ro‘y berayotgan o‘zgarish va yangilanish jarayonlarining mazmun-mohiyatini xalqimizga keng va atroflicha, ta’sirchan tarzda tushuntirishni, jamiyatda uchrab turuvchi turli kamchiliklarga nisbatan teran tanqidiy-tahliliy yondashishni, davr bilan hamnafas bo‘lishni talab etmoqda. 

Media sohaga ko‘rsatilayotgan alohida e’tibor samarasida ommaviy axborot vositalarining soni ortib bormoqda. Mavjud bosma nashrlarning 53 foizini, teleradiokanallarning 85 foizini nodavlat ommaviy axborot vositalari tashkil etadi. 330 dan ziyod veb-saytlar ommaviy axborot vositasi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilib, ularning aksariyati nodavlat sektor ulushiga to‘g‘ri kelmoqda. Media tuzilmalar bugungi kunda O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan millat va elatlarning 7 tilida faoliyat olib boradi. Axborotlar va teleradiomahsulotlar qator xorijiy tillarda ham tarqatilmoqda. 

"Oltin qalam" Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov jurnalistlarni yanada faol, izlanuvchan bo‘lishga, voqelikka teran nigoh, katta mas’uliyat bilan qarashga da’vat etmoqda. 

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi hamda Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi tomonidan Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, Milliy teleradiokompaniya, Madaniyat vazirligi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi, "Uzreport" axborot agentligi bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan mazkur tanlov mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari xodimlarida tobora katta qiziqish va e’tibor uyg‘otmoqda. 

O‘tgan yillar mobaynida uning doirasida 5 ming 500 dan ortiq jurnalistning 80 mingga yaqin ijodiy ishi ko‘rib chiqildi. 237 nafar hamkasbimiz mazkur tanlovning g‘olibi bo‘ldi. Shu bilan birga, 70 dan ortiq ijodkor xalqaro tashkilotlarning vakolatxonalari tomonidan ta’sis etilgan mukofotlar bilan taqdirlandi. 

Bu yilgi "Oltin qalam" tanlovida 520 jurnalist 9 ming 500 ga yaqin materiali bilan qatnashdi. Televideniye, radio, bosma ommaviy axborot vositalari va internet-jurnalistika yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazilgan ushbu tanlovda bitta bosh mukofot, har bir yo‘nalish bo‘yicha uchtadan mukofot hamda "Eng yaxshi fotoreportaj uchun" va "Eng yaxshi matbuot xizmati" rag‘batlantiruvchi nominatsiyalari ta’sis etilgan. Bu yildan joriy etilgan "Chet ellik jurnalistning O‘zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun"​ hamda "OAVda kitobxonlik madaniyati targ‘ib qilingan eng yaxshi material uchun" nominatsiyasi bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi. 

Tanlovni o‘tkazish, g‘oliblarni taqdirlash bilan bog‘liq sarf-xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan moliyalashtirildi. 

Tanlov doirasida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi, Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi kabi tashkilotlarning mukofotlari ham topshirildi. 

BMTning mamlakatimizdagi vakolatxonasi axborot markazi, YeXHT, YuNESKO, YuSAID loyihasi, Germaniyaning Xalq universitetlari assotsiatsiyasi, Sloveniyaning "Mintaqaviy muloqot", "Softline" kompaniyasi kabi xalqaro tashkilotlarning vakolatxonalari, AQSh va Xitoy Xalq Respublikasining elchixonalari ham o‘z mukofoti bilan qatnashdi. 

Bosh Milliy mukofotga "Tafakkur" jurnali tahririyati sazovor bo‘ldi. G‘olib jamoa maxsus diplom, «Oltin qalam» ko‘krak nishoni, statuetkasi va mamlakatimizda belgilangan eng kam ish haqining 200 barobari miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlandi. 

– "Oltin qalam" xalqning yuksak mehri bilan yo‘g‘rilgan mukofotdir, – deydi jurnal bosh muharriri, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zam. – Prezidentimiz xalq bilan muloqot qilish, odamlar maqsad-muddaolarini chuqur o‘rganishga alohida e’tibor qaratmoqda. Shiddatli davr talablariga javoban biz yanada faol, izlanuvchan, hozirjavob bo‘lishimiz, yanada jur’at va qat’iyat bilan mehnat qilishimiz, yurtdoshlarimizda Vatan kelajagi, uning taqdiri uchun fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlashda mas’uliyatni chin yurakdan his etishimiz lozim. 

G‘olib va sovrindorlarga diplom va sovg‘alar, pul mukofotlari topshirildi. San’at ustalari va yosh ijrochilar ishtirokida konsert namoyish etildi. 

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari T.Norboyeva so‘zga chiqdi. 

O‘zA