Asosiy menu

O‘zMAA Bosh direktorining 1-o‘rinbosari S.Shukurov: O‘zbekiston va Xitoy OAV hamkorligidan har ikki tomon ham manfaatdor

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi Bosh direktorining 1-o‘rinbosari Sobirjon Shukurov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi tashkilotga a’zo davlatlar, kuzatuvchi maqomidagi va muloqot bo‘yicha hamkor mamlakatlarning yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari qatorida Xitoy xalq respublikasida Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Birinchi media-sammitida ishtirok etish maqsadida Pekin shahrida bo‘lib turibdi.

2018 yil 1 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Matbuot va axborot agentligi va Xitoy Xalq Respublikasi Davlat Kengashi Matbuot devonxonasi o‘rtasida har ikki davlat ommaviy axborot vositalari, nashriyotlari o‘rtasidagi almashinuvlar va hamkorlikni, jumladan, jurnalistlar va tasvirga olish guruhlarini dolzarb mavzular bo‘yicha axborot materiallarini tayyorlash, ommaviy axborot vositalari tashkilotlari, shuningdek, ularning vakolatxonalari va muxbirlik punktlarini ochish, OAV vakillari ishtirokida tanlovlar, seminarlar va simpoziumlar o‘tkazish, mamlakatlarimiz hududida o‘tkaziladigan turli tadbirlarni yoritish singari vazifalarni birgalikda amalga oshirishga qaratilgan besh yil muddat davom etishi nazarda tutilgan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Shu kuni delegatsiyalar rahbarlarining ma’ruzalari tinglandi. Unda chiqish qilgan O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi Bosh direktorining 1-o‘rinbosari Sobirjon Shukurov bugungi kunda O‘zbekistonda OAV sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, O‘zbekiston Respublikasida jami 1766 ta matbaa korxonasi o‘z faoliyatini olib borayotganligini, ularning umumiy soni 1597 tani tashkil etishini, shundan: 668 ta gazeta, 355 ta jurnal, 4 ta axborot agentligi, 69 ta telekanal, 37 ta radio 464 ta veb-sayt mavjudligini qayd etib, O‘zMAAning faoliyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Shuningdek, XXRning yetakchi davlat korxonasi – «Sinxua» axborot agentligi O‘zbekiston Respublikasida o‘z muxbiri egaligini ta’kidlab, Xitoy Xalq Respublikasining «Sin’xua» axborot agentligi bilan O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, Xitoy markaziy televideniyasi – SSTV bilan O‘zbekiston milliy teleradikompaniyasi, «Jenmin jibao» bilan «Xalq so‘zi», «Pravda Vostoka» nashrlari o‘rtasida o‘zaro xabar va yangilar, umuman, media mahsulotlari ayriboshlash bo‘yicha yaqin hamkorlik qilishidan har ikki tomon ham manfaatdorligini ma’lum qildi.

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi Axborot xizmati