Asosiy menu

Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag‘ishlangan “Bolalikning mo‘jizalari” deb nomlangan kitob-rasmli ko‘rgazma

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida 2018 yil 1 iyun kuni «Istiqbol» o‘qish zalida Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag‘ishlangan «Bolalikning mo‘jizalari» deb nomlangan kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi. Ko‘rgazmada bolalar kitoblari, fotosuratlar, ertaklar va bolalar qo‘shiqlari yozilgan gramplastinkalar hamda ertaklarga ishlangan plakatlar taqdim etilgan.

Har yilning 1 iyun kuni Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni nishonlanadi. Ushbu sana 1949 yili Parijda Xalqaro ayollar demokratik konfederatsiyasi kongressida qabul qilingan bo‘lib, 1950 yildan nishonlana boshlangan. Bu kun dunyo bo‘ylab bolalar huquqlarini himoya qilish, ularga nisbatan zo‘ravonlik qilinishiga qarshi kurashga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkaziladi. Shuningdek, bolalar uchun bayram va konsertlar uyushtiriladi.

«Bolalikning mo‘jizalari» deb nomlangan kitob-rasmli ko‘rgazmada foydalanuvchilarni dunyo bolalarining hayoti bilan tanishtiruvchi sarguzasht asarlar, bolalar uchun yozilgan ertak, hikoya va she’riy kitoblar o‘rin olgan.

Bu yerda taqdim etilgan «Aql va oltin», «Sog‘lom avlod – bizning kelajagimiz», «Ustozlar izidan», «Bola huquqlarini himoya qilishning huquqiy asoslari», «Inson huquqlari», «Barkamol avlod – kelajagimiz tayanchi» kitoblar, tarbiyaviy ahamiyatga ega hikoyalar va o‘gitlari bilan yosh avlod tarbiyasida tarbiyachilar, murabbiylar, o‘qituvchilar, qolaversa, ota-onalarga bola tarbiyasida yordam bersa, «Men dunyoni anglayman» («Ya poznayu mir»), «Erudit ensiklopediyasi» («Ensiklopediya erudita»), «Bolalar ensiklopediyasi» («Ensiklopediya dlya detey»), «Nega shunday?» («Pochemu tak?»), «Nima? Qachon? Qayerda?» («Chto? Gde? Kogda?»), «Astronomiya va koinot» ruknidan bolalar bilimlarini boyituvchi kitoblar ularga dunyoning, fanning sir-sinoatlari haqida batafsil ma’lumotlar beradi. «Mening birinchi kitobim», «Kichkintoy kutubxonasi» seriyasiga mansub ertak va sarguzasht kitoblar yosh kitobxonlarni mard, quvnoq va saxiy qahramonlar bilan tanishtiradi va ularning sarguzashtlari haqida hikoya qiladi.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati