Asosiy menu

“O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qiling” deb nomlangan kitob ko‘rgazmasi ochildi

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi uchinchi qavat foyesida «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qiling» deb nomlangan kitob ko‘rgazmasi ochildi. Ko‘rgazmaning maqsadi - sayyohlikni targ‘ib qilish, foydalanuvchilarga mamlakatimizning har bir mintaqasining o‘ziga xos tarixi, urf-odatlari, sayyohlik salohiyati va madaniyati aks etuvchi kitoblar bilan tanishtirishdir.

Mamlakatimizda 7 mingdan ziyod madaniy meros obyektlari, noyob tarixiy yodgorliklar, qadimiy me’morchilik va madaniyat obidalari mavjud. Har yili minglab sayyohlar Sharq gavhari – Samarqandni, qadimiy Buxoroni, go‘zal Toshkentni va Xiva ochiq muzeyini ziyorat qilish uchun O‘zbekistonga tashrif buyuradilar.

O‘zbekiston xorijiy sayyohlarni nafaqat dunyoga mashhur o‘zbekona mehmondo‘stligi, qadimiy va zamonaviy me’morchilikning noyob yodgorliklari, balki mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlik, o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhiti bilan ham o‘ziga jalb etmoqda

«O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qiling» deb nomlangan kitob ko‘rgazmasida O‘zbekistonning turli mintaqalari tabiati, tarixiy yodgorliklari, maqbaralari va ziyoratgohlari tasvirlangan kitoblar taqdim etilgan. Ularda respublikamizning har bir etnik tarkibiga xos bo‘lgan milliy urf-odatlar, liboslar, an’analar haqida boy ma’lumotlar berilgan. Ko‘rgazmaning katta qismi istiqlol yillarida erishilgan yutuqlarga bag‘ishlangan bo‘lib, unda O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyati, ijtimoiy va iqtisodiy infratuzilmasi, farovonligi va ma’naviy-madaniy hayoti haqida so‘z boradi.

«O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qiling» deb nomlangan kitob ko‘rgazmasiga tashrif buyurgan foydadalanuvchlar «O‘zbekiston tabiati», «O‘zbekiston tarixi», «O‘zbekiston», «Navoiy», «Toshkent – islom madaniyati gavhari», Qoraqalpog‘iston va barcha viloyatlar bilan batafsil tanishtiruvchi kitoblar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ladilar.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati