Asosiy menu

O‘zbekistonlik kutubxonachilar Anqara va Istanbulda grant asosida o‘qishi mumkin

O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi va Turkiya Milliy kutubxonasi tomonidan imzolangan memorandumga muvofiq Agentlik tizimidagi axborot-kutubxona markazi rahbarlaridan iborat delegatsiya 6-12 may kunlari Turkiya Respublikasining Anqara shahrida bo‘lib, u yerdagi kutubxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishib qaytdi.

Delegatsiya a’zolari 7-9 may kunlari Turkiya Milliy kutubxonasi, 10-11 may kunlari Bilkent universiteti kutubxonasi, Jebeji xalq kutubxonasi hamda Mehmet Akif Ersoy adabiyot-muzey kutubxonasida bo‘ldi.

Turkiya Milliy kutubxonasi direktori Zulfi Tomanning ta’kidlashicha, kutubxona Turkiya madaniyat va turizm vazirligiga qarashli. Uning filiallari yo‘q. Vazirlik tizimida 1200 xalq kutubxonasi va boshqa tizimlarda (o‘quv yurtlari, hokimliklar, idora va tashkilot kutubxonalari) jami 22 000 kutubxona mavjud. Turkiya oliy o‘quv yurtlarida kutubxonachilar tayyorlovchi 22 fakultet bor. Turkiya milliy kutubxonasi barcha kutubxonalarga metodik yordam ko‘rsatuvchi markaz hisoblanadi. 

Turkiya milliy kutubxonasi tashabbusi bilan O‘zbekiston kutubxonalari mutaxassislari Anqara va Istanbuldagi Oliy ta’lim muassasalarining kutubxonachilik fakultetida magistratura va aspirantura bosqichida Turkiya tomonidan taqdim etilgan grant asosida o‘qishi mumkin.

Milliy kutubxonaning yozma va nodir asarlarni to‘plovchi bo‘limi Istanbulda joylashgan. Yozma asarlar 400 mingdan ziyod. Bugungi kunda Milliy kutubxonada fondni raqamlashtirish va elektron tarzda xizmat ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Kutubxonalarning davlat tomonidan moliyalashtirish tizimi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Fond to‘ldirilishi, fuqarolardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri adabiyotlar, aksessuarlar, qadimiy jihozlar sotib olish, zamonaviy axborot texnologiyalarini amaliyotga keng tatbiq etish, mavjud fonddan unumli foydalanish samarali yo‘lga qo‘yilgan.

Masalan, badiiy adabiyot sotib olish uchun bir yilda 2 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratiladi. 2017 yilning o‘zida 28 ming elektron kitob va 22 ming bosma adabiyotlar, 1500 elektron kitoblardan foydalanish uchun planshet xarid qilingan.

Qo‘lyozmalar, nodir asarlar, qadimiy aksessuarlar (pul birliklari, disk, gramplastinka, plastinka, pochta markalari, taqvimlar, qadimiy rasmlar, lotoreya namunalari, notalar) uchun esa alohida mablag‘ yo‘naltiriladi. Kutubxona fuqarolardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri adabiyotlar va ushbu aksessuarlarni sotib olishi mumkin. Buning uchun maxsus moliyaviy komissiya tuzilgan. Komissiya sotib olinayotgan adabiyot yoki aksessuar haqiqatan kutubxonaga kerak yo nokerakligini o‘rganib chiqadi va xarid qilishga ijozat beradi.

Qo‘lyozma va nodir asarlar, qadimiy aksessuarlarni saqlash uchun qulay va xavfsiz sharoit yaratilgan. Bunday qo‘lyozma asarlar 27 ming 796 nusxani tashkil etadi. Ularning 70 foizi arab tilida, 20 foizi turk tilida va qolgan 10 foizi forscha, grekcha va boshqa tillarda saqlanadi. Asarlar asosan usmoniy alifbosida yozilgan. Saqlanayotgan asarlarning 50 foizidan ziyodi sotib olingan yoki xadya qilingan. Qolgan qismi madaniyat vazirligi tomonidan berilgan. Ushbu asarlar to‘liq elektron shaklda, foydalanish uchun ochiq holda taqdim etilgan.

Axborot texnologiyalari bilan xizmat ko‘rsatish asosan internet orqali amalga oshiriladi. Milliy kutubxonaning yagona dasturiy ta’minoti biz uchun yangilik bo‘ldi. «Kashif» (ya’ni kashf) deb nomlangan ushbu dastur barcha axborot-kutubxona xizmatini onlayn ko‘rsatishga mo‘ljallangan. Foydalanuvchilar, xodimlar uchun qulay. Kutubxona xodimlari uchun yaratilgan bo‘lim tashqaridan foydalanuvchilar uchun ochilmaydi, lekin ular bevosita o‘zaro aloqa o‘rnatishi mumkin.

Kutubxona foydalanuvchilari kutubxona fondida mustaqil ishlashi, elektron kataloglari orqali zarur adabiyotlarni izlashi va hujjatlarni elektron yetkazib berish xizmatidan keng foydalanishi, kutubxona fondini jamlashda foydalanuvchilar fikri inobatga olinishi (shu tavsiyalarga tayangan holda fond butlanadi), shuningdek, internet orqali kutubxona saytida bu resurslardan bemalol foydalanishi mumkin. Umuman olganda masofadan xizmat ko‘rsatish yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, kutubxonalarda imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun barcha sharoit yaratilgan. 

Milliy kutubxona qoshida ko‘rish qobiliyati past va umuman audiokitoblarga qiziquvchilar uchun ovoz yozish studiyasi tashkil etilgan. Studiya 5 ta xonadan iborat, asosan volontyorlar (ko‘ngillilar) o‘rtasida tanlov o‘tkazilib, ular orasidan ovoz diapazoni talabga javob beradiganlari tanlab olinadi.

Kutubxona fondining to‘liq yopiqligi e’tiborimizni tortdi. Xizmat ko‘rsatish zalida ochiq fondni uchratmaysiz. Yagona darcha tizimi singari mavjud o‘quv zali foydalanuvchilari bir nuqtadan adabiyotga buyurtma beradi va buyurtmaga binoan xizmat ko‘rsatiladi. Shuningdek, o‘quv zallarida aspirantlar, olimlar, umuman foydalanuvchilarga zamonaviy qulayliklar yaratilgan. Bir vaqtning o‘zida 1600 nafar foydalanuvchiga xizmat ko‘rsatiladi.

Kutubxona binosini qo‘riqlash, xavfsizligini ta’minlash uchun 400 dan ziyod kuzatuv kameralari o‘rnatilgan 12 nafar xodim mazkur masalaga mas’ul etib tayinlangan.

Safar davomida Anqara shahridagi Bilkent universiteti kutubxonasi, Jebeji xalq kutubxonasi, Mehmet Akif Ersoy adabiyot-muzey kutubxonasi faoliyati ham o‘rganib chiqildi. 

Bilkent universiteti kutubxonasida, ayniqsa, qo‘lyozma va nodir asarlarni saqlash, undan foydalanish tartibi, audio va video materiallar uchun alohida xizmat turi tashkil etilgani, foydalanish uchun maxsus xonalar ajratilib, jihozlanganligi e’tiborga molik. 

Jebeji xalq kutubxonasi, Mehmet Akif Ersoy adabiyot-muzey kutubxonasi ham maqsad va vazifasidan kelib chiqib, xizmat ko‘rsatadi. Bu kutubxonalarda foydalanuvchilar uchun asosan fond ochiq turadi. Jebeji xalq kutubxonasida bolalar uchun alohida bo‘lim tashkil etilgan. Adabiyot-muzey shaklidagi Mehmet Akif Ersoy kutubxonasi shinam va foydalanishda qulayligi bilan kitobxonlarning mutolaa zavqini, badiiy adabiyotga bo‘lgan qiziqishini oshirishga xizmat qiladi. 

Turkiyadagi muayyan kutubxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishib, mamlakatimizdagi AKM faoliyatiga audio va video materiallar tayyorlash uchun maxsus studiyalar tashkil etish, bibliografik ma’lumotlar bazasini davlat buyurtmasi asosida tayyorlashni yo‘lga qo‘yish, nodir va qo‘lyozma asarlarning elektron nusxalarini yaratish va ulardan keng foydalanish tizimini joriy etish, AKM uchun «Kashif» elektron dasturiga o‘xshash mukammal kutubxona dasturini ishlab chiqish, maxsus komissiya tashkil etib, AKM talabnomalari asosida fuqarolardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri adabiyotlar, nodir hamda qo‘lyozma asarlar va boshqa aksessuarlarni sotib olish tizimini yo‘lga qo‘yish kerak, degan xulosaga keldik.

Bekzod HIDOYATOV,

O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi bo‘lim boshlig‘i.