Asosiy menu

O‘zbekiston noshirlari va kitob savdosi milliy assotsiatsiyasi tashkil etildi

2018 yil 17 may kuni O‘zbekiston matbuot va axborot agentligida Agentlik tizimidagi nashriyot-matbaa ijodiy uylari direktorlari va xodimlari, kitob savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekiston noshirlari va kitob savdosi milliy assotsiatsiyasi tashkil etildi.

Milliy assotsiatsiyani tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad kitob va kitob mahsulotlarini nashr etish hamda uning savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlari faoliyatini o‘rganish, ular tomonidan sohaga oid kiritiladigan takliflarni umumlashtirish va tegishli davlat organlariga kiritish, kitob va kitob mahsulotlarini nashr etish hamda tarqatish tizimini yanada takomillashtirish, aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish, bu jarayonlarni keng targ‘ib qilish, mamlakatda kitob nashri va uning savdosini muvofiqlashtirish, nashr va savdo sohasidagi mavjud muammolarni o‘rganish, ularni bartaraf etishdir.

- Bugungi kunda respublikamizda kitob va kitob mahsulotlari targ‘ibotini yanada kengroq amalga oshirish, aholi, xususan, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini oshirish, ularning kitobga bo‘lgan qiziqishlarini yanada orttirish maqsadida hukumat darajasida chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, - deydi O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi bosh direktori L.Tangriyev. – Bunga misol sifatida 2018 yil 16 may kuni Namangan viloyati Norin tumanida mamlakatimizdagi ilk Matbuot va axborot kutubxona markazining ochilganligini keltirish mumkin. Bu markazni ochishdan ko‘zlangan asosiy maqsad viloyatda faoliyat yurituvchi kutubxonalar, kitob do‘konlariga uslubiy yordam ko‘rsatishdir. Shuningdek, noshirlar va kitob savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solish uchun O‘zbekiston noshirlari va kitob savdosi milliy assotsiatsiyasini tuzish maqsadga muvofiq. 

Alohida ta’kidlash kerakik, Assotsiatsiya tomonidan kitob savdosiga ixtisoslashgan kitob do‘konlariga maxsus guvohnomalar berilishi joriy etiladi. Guvohnomaga ega bo‘lgan tadbirkorlar doimiy ravishda kitob savdosi, nashriyot faoliyati, chet el kitob savdosidagi ilg‘or tajribalari bilan tanishtiriladi va malakasi oshirib boriladi.

Yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan O‘zbekiston noshirlari va kitob savdosi milliy assotsiatsiyasi raisligiga saylangan «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi» davlat ilmiy nashriyoti direktori E.Abdurahmonov Assotsiatsiya tomonidan yurtimizdagi har bir kitob do‘konida bo‘lishi shart bo‘lgan adabiyotlar ro‘yxati ishlab chiqilishi zarurligini ta’kidladi:

- O‘z navbatida, bu ishni amalga oshirish uchun barcha noshirlar hamda kitob savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlari o‘z kuchini birlashtirishi lozim. Shuningdek, adabiyotlarni nashr etishda barcha kitob do‘konlari tomonidan umumiy buyurtmani shakllantirish orqali ularning narxini pasaytirish mumkin. Yana shuni alohida ta’kidlash kerakki, Assotsiatsiya noshirlar va kitob savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar faoliyatiga aralashmaydi, aksincha, bu jarayonni yanada izchil amalga oshirish uchun ham tashkiliy hamda uslubiy ko‘mak beradi.

Bundan tashqari ta’sis yig‘ilishida hozirgi kunda xalqimiz, avvalo, yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy, badiiy-estetik talablariga javob beradigan kitoblarni yuksak sifat bilan chop etish, joylarga, ta’lim muassasalariga o‘z vaqtida va maqbul narxlarda yetkazish hamda jamiyatimizda kitob mutolaasi muhim masala ekani ta’kidlandi.