Asosiy menu

Jurnalist Oqilxon Dadaboyev: Ilm toliblariga kitoblar hadya etildi

Bugungi kunda mamlakatimizda matbuot, axborot, kutubxonalar faoliyati rivojlanib bormoqda. Bunda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilinayotgan huquqiy hujjatlar dasturilamal bo‘lmoqda. Bu borada O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi va uning tizimidagi boshqarma va muassasalar kitob mutolaasini targ‘ib qilish hamda kitobxonlikni yuksak pog‘onaga ko‘tarish borasida bir qator izchil ishlar olib bormoqda. Shu asosda Namangan viloyatining shahar va tumanlarida "Kitobxonlik kunlari" o'tkazlimoqda. «Eng yosh kitobxon» va «Eng namunali kitob do‘koni» tanlovlari o‘tkazilgani fikrimizdan yorqin dalolat.

Aytish joiz, hozirga qadar har bir tumanda barmoq bilan sanarli kitob do‘konlari ishlab kelgandi. Hozirgi kunda esa viloyat bo‘yicha ularning soni 54 taga yetdi. Tajriba tariqasida, mavjud 770 ta mahalla fuqarolar yig‘inining 335 tasida mo‘’jazgina kitob do‘konlari tashkil etildi. Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari, buyumlar savdosi bilan shug‘ullanadigan supermarket va do‘konlarda 301 ta kitob rastasi ochildi. Agentlik sa’y-harakati natijasida Norin tumani Haqulobod shahrida, Toshloq va Qozoqovul mahallarda ham kitob do‘konlari ish boshladi. Agentlik tomonidan ushbu ma’rifat o‘choqlariga 2286 dona yangi kitob bepul tarqatildi.

Shu jumladan, navbatdagi tashabbus sifatida Namangan shahridagi «Hidoya» o‘rta maxsus islom bilim yurtiga turkum kitoblar topshirildi. Ustoz muallimlar va talaba yoshlar ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.

Matbuot va axborot agentligi bosh direktori Laziz Tangriyev, agentlikning Namangan viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Ziyoviddin Mansurov so‘zga chiqib, kitob insonlarni yaxshilikka, ezgu amallarga, ma’naviyat va ma’rifatli bo‘lishga chorlashi bilan alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidlashdi. Darhaqiqat, xalqimizni, xususan yosh avlodni kitob o‘qishga qiziqtirish, kitob mutolaasini targ‘ibot qilishga davlat siyosati darajasida ko‘rsatilayotgan e’tibordan ham ayni shu maqsad o‘z ifodasini topgan.

Qayd etish joiz, mazkur yo‘nalishda davlatimiz rahbarining 2017 yil 12 yanvardagi «Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida»gi farmoyishi hamda 2017 yilning 13 sentyabrdagi «Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori muhim o‘rin tutadi. 

Ma’lumot o‘rnida, «Hidoya» bilim yurtida bugungi kunda kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va umumta’lim maktablarini tamomlagan 133 nafar talaba dinshunoslik ta’lim yo‘nalishida tahsil oladi. O‘quv maskanini tamomlagan bitiruvchilar imom-xatib, arab tili o‘qituvchisi, diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchi ixtisosliklariga ega bo‘ladilar. Bilim dargohidagi axborot-resurs markazida barcha shart-sharoitlar muhayyo etilgan. 12 ming kitob fondiga ega bo‘lgan ziyoxonada umumta’lim fanlaridan tashqari badiiy kitoblar, diniy-ma’rifiy adabiyotlarni ham mutolaa qilish mumkin.

Bugungi kunda aholining kitobga qiziqishi qanday, mushtariylarning kitob mutolaa qilishlari uchun yaratilgan mavjud shart-sharoitlar talab darajasidami, kitobxonlik madaniyatini oshirish borasida qanday ishlarni qilmoq kerak? Ayni shu dolzarb masala va savollar yuzasidan fikr-mulohazalari va takliflar o‘rtaga tashlandi. Xususan, Prezidentimizning yaqinda Namangan viloyatiga qilgan tashrifi chog‘ida ziyolilar bilan o‘tkazgan suhbatida bildirgan tavsiyalaridan kelib chiqqan holda mazkur ta’lim maskanida Ishoqxon to‘ra Ibratning ilmiy va ma’naviy merosini o‘rganishga qaratilgan insholar tanlovini o‘tkazish haqidagi taklif bir ovozdan ma’qullandi. Bu o‘z navbatida tariximizni o‘rganish, allomalarimiz haqida ochilmagan qirralarni o‘rganishda turtki beradi.

Muloqot yakunida bilim yurtiga agentlik tasarrufidagi nashriyotlarda chop etilgan 100dan ziyod badiiy kitoblar, diniy va ma’rifiy adabiyot va qo‘llanmalar sovg‘a qilindi.