Asosiy menu

G‘IYBAT

O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tomonidan shu yilning fevral oyida «Rahbar bo‘lsang, kitob o‘qi» aksiyasi e’lon qilingan edi.

«Rahbar bo‘lsang, kitob o‘qi!» ma’naviy-ma’rifiy tashabbusiga asosan tizim bo‘yicha har oyning oxirgi shanba kuni «Mutolaa hisoboti» kuni etib belgilandi. Unga ko‘ra, Agentlik markaziy apparati, tizimdagi nashriyot-matbaa ijodiy uylari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi matbuot va axborot agentligi, Toshkent shahar va viloyatlar matbuot va axborot boshqarmalari rahbar-xodimlari o‘sha kuni o‘zi ishlayotgan idoraning rasmiy veb-saytida o‘qigan kitobi haqida yozgan taassurotlarini e’lon qilib boradi.

Muhammad Abdulhay Lakhnaviyning «G‘iybat» nomli kitobini o‘qib chiqdim. Ushbu ma’rifiy risolani urdu tilidan Yorqinjon Fozilov tarjima qilgan.

Ushbu kitobdan olingan ayrim iqtboslarni sizlar bilan ham bo‘lishgim keldi.


MUHAMMAD ABDULHAY LAKHNAVIY

G‘IYBAT

Parvardigor rahmatidan umidvor Muhammad Abdulhay Lakhnaviy ibn Mavlono Muhammad Abdulhalim aytadi: «Bu zamonda ko‘rdimki, odamlar gunohlar orasida g‘iybatga ko‘proq mubtalo bo‘lib, hamma uni arzimas va ahamiyatsiz narsa deb hisoblar ekan. Vaholanki, g‘iybat qilaverish oqibatida kishida boshqa kichik va katta gunohlarga moyillik paydo bo‘ladi. Buning natijasida uning dunyosiga ham, oxiratiga ham zarar yetadi».

Shariatda g‘iybat deb biror kishining yomon sifatini uning o‘zi yo‘qligida, agar eshitsa, unga og‘ir botadigan, dili ranjiydigan tarzda bayon etishga aytiladi. Bunda g‘iybat qiluvchi xoh tili bilan aytsin, xoh qalami bilan yozsin yoki tana a’zolari bilan ishora qilsin, g‘iybat qilingan kishi xoh kofir, xoh musulmon bo‘lsin, buning ahamiyati yo‘q. Kishida mavjud bo‘lmagan ayb haqida gapirish esa tuhmat va bo‘hton hisoblanadi.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam sahobai kiromlardan: «G‘iybat nima ekanini bilasizlarmi?» − deb so‘radilar. Sahobalar: «Alloh va Uning Rasuli biluvchiroqdir», deya javob berdilar. Shunda U zot sollallohu alayhi va sallam: «G‘iybat birodaringni u yoqtirmaydigan narsa bilan zikr qilishingdir», dedilar. «Ey Allohning Rasuli, men aytgan narsa birodarimda bor bo‘lsa ham g‘iybat bo‘ladimi?» − deb so‘ralgan edi, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Sen aytgan narsa unda bor bo‘lsa, g‘iybat qilgan bo‘lasan. Agar sen aytgan narsa unda bo‘lmasa, bo‘hton qilgan bo‘lasan», deya marhamat qildilar.

Bu zamonda hamma o‘ta rasvo va yomon ish bo‘lmish g‘iybatga mukkasidan ketdi. Har bir odam g‘iybatning ta’rifini o‘z nafsiga muvofiq shaklda bayon qiladi. Ba’zi odamlar g‘iybat deganda kishining oldida aytolmaydigan yomon sifatlarini uning yo‘qligida aytishni tushunadilar. Shuning uchun uning oldida ham ayta oladigan ayblarini ortidan gapirish g‘iybat bo‘lmaydi, deb o‘ylaydilar. Holbuki, ish ular o‘ylaganidek emas.

1. Musulmon odamni g‘iybat qilish. Musulmon odamni g‘iybat qilish qat’iy haromdir. Chunonchi, Alloh taoloning «Ba’zilaringiz ba’zilaringizni g‘iybat qilmasin» oyati mana shu haqda nozil bo‘lgan. Chunki (-ingiz), ya’ni «ba’zilaringiz» so‘zi oxiridagi qo‘shimcha musulmonlarga oid bo‘lib, oyat «Musulmon biror musulmonni g‘iybat qilmasin», degan ma’noni anglatadi.

2. Zimmiyni g‘iybat qilish. Zimmiy, ya’ni islom diyorida jizya (jon solig‘i) to‘lab, shu yurt qonun-qoidalariga tobe bo‘lib yashaydigan kofir kishini g‘iybat qilish ham haromdir. Zotan, kofir kishi musulmonlarga tobe bo‘lgach, uning joni, moli va obro‘sining himoyasimusulmonlarnikiga o‘xshash bo‘lib qoladi. Musulmonning izzat va obro‘sini to‘kish harom bo‘lganidek, zimmiyga nisbatan ham bu ishni qilish harom hisoblanadi. Bu masala «Ad-Durrul muxtor» va boshqa kitoblarda ochiq-oydin bayon qilingan.

3. Ahli harb bo‘lgan kofirni g‘iybat qilish. Ahli harb deb, islom diyoriga tobe bo‘lmagan kofirga aytiladi. Bunday kofirni g‘iybat qilish fiqh kitoblarida aytilishicha, durust hisoblanadi.

Yomonlanayotgan odamning tirikligi yoki o‘lganligiga qarab g‘iybat ikki qismga bo‘linadi:

1.Tirik odamni g‘iybat qilish.

2. O‘lgan odamni g‘iybat qilish.

Tiriklarni g‘iybat qilish harom bo‘lganidek, vafot etgan insonlarni ham g‘iybat qilish, so‘kish, yomonlash va ayblash haromdir. Garchi ular hayotliklarida gunohlarga sho‘ng‘ib, umrlarini xatolar bilan barbod qilgan bo‘lsalar ham.

Ayblov vositasiga qarab g‘iybat beshta qismga bo‘linadi:

1. Til bilan g‘iybat qilish.

Bir odam Rasululloh sollallohu alayhi va sallam huzurlaridan turib ketgach, boshqa bir kishi uni g‘iybat qildi. Shunda Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam unga: «Xilol qil (tishing orasidagi narsani cho‘p bilan chiqarib tashla)», dedilar. U: «Go‘sht yemagan bo‘lsam, nimadan xilol qilayin, ya’ni tishim orasidan nimani chiqarib tashlayin?» − dedi. U Zot: «Sen (hozirgina musulmon) birodaring go‘shtini yeding», dedilar.

2. Quloq g‘iybati. Birov haqidagi g‘iybatni eshitish va uning tarafini olmasdan jim turish, uni quloq bilan g‘iybat qilishdir.

3. Qalbg‘iybati. Qalb g‘iybati deganda, birov haqida yomon gumon qilish, ya’ni biror belgi va sabablar bo‘lmay turib bir solih, musulmon kishi haqida dilda yomon gumon tug‘dirish tushuniladi.

4. A’zolar bilan g‘iybat qilish. A’zolar bilan g‘iybat qilish – bu biror kishining aybini odamlarga qo‘l, ko‘z va boshqa a’zolar bilan ishora qilib tushuntirishdir.

5. Qalam bilan g‘iybat qilish. Qalam bilan g‘iybat qilishga birovning aybini boshqa biror kishiga xatda yozib jo‘natish yoki axborot beruvchi gazetalarda bosish yoki bostirish, tahqirlash maqsadida o‘z kitobida zamondoshlarining ayblarini ko‘rsatish kabilar tushuniladi.

Shariat olimlari g‘iybatning olti turini joiz deganlar. «Radd ul-muhtor»da ularga yana to‘rt ko‘rinishni qo‘shib, sanoqni o‘ntaga yetkazganlar. Men unga yana uchta ko‘rinishni qo‘shimcha qilaman va har bir ko‘rinishning nima sababdan ruxsat berilganini ham aytib o‘taman.

1. Bosh hokimga zulmda qolganligidan shikoyat qilish. Qozi, muftiy, devondagilar yoki amirdan zulm ko‘rgan kishi o‘z haqqini undirish uchun mazkur lavozimdagi kishilar ustidan yuqori hokimga shikoyat qilishi joizdir. Chunki yuqori hokimga zolimning ustidan shikoyat va g‘iybat qilinmasa, mazlumning haqi poymol bo‘ladi.

2. Ayblarni tuzatish uchun g‘iybat qilish. Biror ayb yoki gunohga odatlanib qolgan kishining bu ishlari to‘g‘risidagi xabarni unga nasihat qilib, aybu gunohdan qaytara oladigan kishiga yetkazish durustdir. Chunki bu g‘iybat sababli u gunohdan qaytishi mumkin.

3. Uyaltirish maqsadida g‘iybat qilish. Aytaylik, bir kishi qandaydir gunoh ish qilishga odatlanib qolgan. O‘zining bu gunohga yo‘l qo‘yganini eshitib qolishini xohlamaydigan hurmatli kishisi bor. Bordi-yu, mana shu hurmatli kishisi uning gunoh qilganini eshitib qolganini bilsa, o‘sha gunohkor kishi uyalganidan ham mazkur gunohini tark etishi mumkin.

4. Fatvo so‘rash maqsadida g‘iybat qilish. Olim yoki muftiydan masala so‘rayotib, biror kishining aybini bayon qilishda hech qanday zarar yo‘q. Masalan, «Falonchi menga nafaqa bermayapti; yoki mening otam vafot etdi va falonchi barcha mollarni o‘z tasarrufiga olib, menga bitta don ham bermadi; yoki falonchi uyini sotdi, men unga shafe bo‘lib, talab qilishimga qaramay, menga uni bermayapti» va hokazo gaplarni fatvo olish maqsadida muftiy yoki olim huzurida aytish durust g‘iybat sanaladi.

5. Holidan xabar topish uchun g‘iybat qilish. Men aytamanki, odamlarning yomon sifatlari va yaramas ishlarini olim, zohid, imom yoki payg‘ambar kabi ulug‘ zotlar oldida, (bular mazkur yomon ish egasi haqida biror narsa gapirsalar, biz xabardor bo‘lib qolar edik degan maqsadda) aytish joiz. Chunonchi, sahobiy roziyallohu anhumlar odamlarning yomon sifatlari va yaramas ishlarini Payg‘ambar alayhissalomga aytar, lekin uni aytishdan maqsadlari musulmonni tahqirlash yoki kamsitish bo‘lmay, balki shoyad Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bu gapni eshitib, u odamning holini bayon qilsalar va bizlarni xabardor aylasalar, degan maqsadda bo‘lar edi.

6. Oshkora gunoh qiladigan fosiqni g‘iybat qilish. Oshkora gunoh qiladigan: masalan, odamlarga zulm qiladigan; zino qiladigan; namoz va ro‘zani tark qilishga odatlangan va shunga o‘xshash gunohlarni oshkora qiladigan kishilarni pastga urish niyatida g‘iybat qilish durustdir.

7. Muhofaza va himoya qilish niyatida g‘iybat qilish. Agar biror kishidan boshqalarga zarar yetsa va ular zarar yetishidan bexabar bo‘lsalar, zarar yetkazuvchini ularga yomonlab, g‘iybat qilish durustdir. Toki undan musulmonlar zarar ko‘rmasin.

8. Behayoni g‘iybat qilish. Behayo, ya’ni uyalmasdan har qanday gunohni qilaveradigan, qattiq gapirib tanbeh bergan kishining so‘zidan ham ta’sirlanmaydigan sharmu hayosiz, uyatsiz kishini g‘iybat qilish mumkin.

9. Hasrat va afsus ma’nosida g‘iybat qilish. Afsus tarzida g‘iybat qilish durustdir. Masalan, falonchi namoz o‘qimayotganiga yoki zinoga mubtalo ekaniga afsusdaman, deyish. Chunki biror kishining yomon ishlar qilayotganini ko‘rib afsus chekish yaxshi xislat hisoblanadi. Zero, har bir musulmon o‘z birodarining gunoh qilayotganini, shaytonga mag‘lub bo‘lganini ko‘rsa, uningholiga rahmi kelishi lozim.

10. Noaniq va mavhum odamni g‘iybat qilish. Biror kishining yomon sifatlarini uning nomini aytmasdan bayon qilish durustdir.

11. Mashhur yomon laqabni zikr qilish. Biror kishi qandaydir biraybga dalolat qiladigan yomon bir laqab bilan mashhur bo‘lsa,uni o‘sha laqab bilan eslashning zarari yo‘q. Chunki o‘sha laqabni aytilmasa, odamlar uni tanimasligi mumkin.

12. Dinni quvvatlash maqsadida g‘iybat qilish. «Radd ul-muhtor» muallifi: «Dinni quvvatlash uchun g‘iybat qilish durust», deb yozadi. Muhaddislarning roviylar haqida «Falonchi yolg‘on gapirishga odatlangan, hadislar rivoyat qilishda juda ko‘p yolg‘on gapiradi, falonchi roviy o‘zidan hadis to‘qib chiqaradi yoki falonchi roviyning hofizasi kam», deb aytishlari shunga misoldir. Shunga o‘xshash, faqihlar ham «Falonchi kitob mo‘tabar emas, chunki uning musannifi faqih bo‘lmagan yoki falonchi kitobning muallifi mo‘taziliy, uning gapi botil yoxud falonchi kitobga zaif masalalar kiritilgan yoki falonchi faqih kitobida mavzu’ (to‘qima) rivoyatlarni keltiradi va hokazo», deb yozadilar. Bu ham dinni quvvatlash va uni himoya qilish maqsadida bo‘lgan.

13. Ibrat maqsadida g‘iybat qilish. Odamlarga ibrat bo‘lishi uchun biror tirik yoki o‘lgan kishiga berilgan jazoni gapirib g‘iybat qilish mumkin. Masalan, odamlar baxillik sifatidan saqlanishlari uchun falonchi kishi jahannamga loyiq, sababi u baxil yoki falonchi odam hayotlik vaqtida nihoyatda ko‘p gunoh qilar edi, o‘lganidan keyin azobga mubtalo bo‘lsa kerak yoki falonchi odam o‘lganidan keyin yuzi qorayib ketdi yoki qabr azobiga duchor bo‘lsa kerak, chunki u falon gunoh qilar edi deyish va hokazo.Lekin bu ayblarni bayon qilishdan maqsad uni tahqirlash va pastga urish bo‘lmasligi, balki odamlarga ibrat bo‘lishini ko‘zda tutish lozim.

G‘iybat – haromligi qat’iy oyatu hadislar hamda ijmo bilan sobit bo‘lgan amaldir. G‘iybatning haromligini inkor qilgan, ya’ni uni halol sanagan kishi kofir bo‘ladi va sirotul-mustaqiymdan (to‘g‘ri yo‘ldan) chiqib ketadi.

Alloh taolo aytadi: «Sizlardan ba’zingiz ba’zingizni g‘iybat qilmasin. Sizlarning birortangiz o‘lik holdagi birodarining go‘shtini yeyishni yaxshi ko‘radimi?Bas, undan nafratlanasizlar-ku».

Oyat va hadislarda g‘iybat qilishni go‘sht yeyishga o‘xshatilishining ikki sababi bor. Birinchidan, birovning go‘shtini yeyish bilan u nihoyatda xorlangan bo‘ladi. Xuddi shunday, g‘iybat qilishdaham odamning obro‘sini to‘kib, uni xorlash bor. Demak, g‘iybat qilingan kishi go‘yoki go‘shti yeb xorlangan kishi kabi bo‘lar ekan. Shuning uchun g‘iybat qilish go‘sht yeyishga o‘xshatilgan. Bu tashbehni (o‘xshatishni) Alloh taoloning O‘zi zikr qilgan. Ikkinchidan, odamning yoki o‘limtikning go‘shtini yeyishdan har qanday kishining tabiati jirkanadi. G‘iybat qilish ham xuddi shunday jirkanch narsadir. Shuning uchun har bir odam tilini ham, nafsini ham g‘iybatdan tiyishi lozim.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «G‘iybat zinodan og‘irroqdir», dedilar. «Qanday qilib bunday bo‘ladi?» – debso‘ralgan edi, U zot sollallohu alayhi va sallam: «Kishi zino qilgach tavba qilsa, Alloh uning tavbasini qabul qiladi. G‘iybatchi esa to uning (g‘iybat qilingan) do‘sti kechirmagunicha kechirilmaydi», deya javob berdilar.

Buning sababi shuki, zino qilishda faqat Rahmonga xiloflik bor. G‘iybatda esa Alloh taologa muxolafat qilish ham, g‘iybat qilingan kishiga ozor berish ham bor. Alloh taolo haqi tavba bilan kechiriladi, lekin bandalar haqi, ya’ni kishining qilgan gunohi biror bandaning haqiga aloqador bo‘lsa, buni o‘sha banda kechirmagunicha afv etilmaydi. Shuning uchun ba’zi ulamolar mazhabida haj qilish bilan barcha kattayu kichik gunohlar kechiriladi, ammo bandalar haqi bundan mustasnodir. Mana shu gap hamg‘iybatning gunohi zinodan ortiqroqekanini bildiradi. Alloh taolo qiyomat kuni haqida shunday marhamat qiladi: «Bu kunda barcha jon (egasi)ga qilgan ishining badali (mukofot yoki jazosi) beriladi. Bu kunda umuman zulm yo‘q». Bu nidoni eshitgan g‘iybatchi noumidlikka tushib, qilgan ishiganadomat qiladi. «Koshki men dunyoda odamlarni g‘iybat qilmagan, ayblarini ochmagan bo‘lsamedi», deydi.

Laziz TANGRIYEV,
O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi Bosh direktori.