Asosiy menu

Qozog‘istonda o‘zbek adabiyoti va madaniyati markazi ochiladi

Qozog‘iston Respublikasida 2018 yil «O‘zbekiston yili» deb e’lon qilinishi munosabati bilan Qozog‘iston Yevroosiyo milliy universiteti Ostona shahrida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek adabiyoti va madaniyati markazini tashkil etish taklifini bildirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining topshirig‘iga asosan O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi Bosh direktori L.Tangriyev boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Qozog‘iston Respublikasi Ostona shahrida xizmat safarida bo‘ldi.

O‘zbekiston delegatsiyasi Qozog‘iston Respublikasi Majlis Parlamenti deputati Faxriddin Qaratayev, Qozog‘iston o‘zbeklari «Do‘stlik» madaniy markazi rahbari Ikrom Xoshimjonov, Ostona shahar o‘zbek etnomadaniy markazi raisi Sherzod Po‘latov bilan birgalikda Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek adabiyoti va madaniyati markazi uchun taklif etilgan joylarni ko‘rib chiqdi.

Markaz tashkil etish uchun L.Gumilev nomidagi Yevroosiyo milliy universiteti tanlandi.

Ayni paytda ushbu markazni tashkil etish hamda faoliyatini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq tashkiliy-huquqiy ishlar nihoyasiga yetmoqda.

Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek adabiyoti va madaniyati markazi universitetining Qozog‘iston Respublikasi Birinchi Prezidenti auditoriyasi, YUNЕSKO kafedrasi, Qozog‘iston xalqi assambleyasi, Ispan tili markazi bilan bir qatorda joylashadi.

O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi
Axborot xizmati