Asosiy menu

Kitob tarqatuvchilar” assotsiatsiyasi tuziladi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 13 sentyabrdagi «Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan topshiriqlar ijrosi o‘rganish maqsadida O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi Bosh direktori L.Tangriyev Buxoro viloyatiga bordi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda kitob savdosiga ixtisoslashgan 20 do‘kon faoliyat yuritadi.

Agentlik bosh direktori L. Tangriyev viloyatidagi mazkur kitob do‘koni egalari bilan uchrashib, ular bilan suhbatlashdi. Duch kelayotgan ayrim muammolarni bartaraf etish va istiqboldagi vazifalar bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Kuning ikkinchi yarmida Buxoro tumanida «Kitob tarqatuvchilar» assotsiatsiyasini ta’sis etish muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Unda agentlik tizimidagi korxona va hududiy boshqarma rahbarlari, kitob savdosiga ixtisoslashgan xususiy tadbirkorlik subyekti vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, har bir sohaning o‘z uyushma va jamiyatlari bor. Masalan, yozuvchilar, kompozitorlar, jurnalistlar, rassomlar va boshqa uyushmalar... Lekin kitob tarqatish va kitob targ‘iboti bilan shug‘ullanadiganlarning uyushmaga ehtiyoji katta. Zero, xalqimizni kitob mahsulotlari bilan ta’minlash vakitobxonlik madaniyatini oshirish uchun ham bunday uyushma zarur. Mazkur assotsiatsiya xaridorlar va kitob do‘konlari o‘rtasidagi aloqani mustahkamlab, o‘zaro me’yorni belgilab beradi, takliflar bildiradi, bu sohadagi muammolarni bartaraf etishda ko‘prik vazifasini bajaradi.

Kitob sotuvchilarni tashkiliy, uslubiy, ilmiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, mamlakatimizdagi nashriyotlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatishiga ko‘maklashish, kitob savdosi menejmentiga o‘rgatish, o‘quvchilarning talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib, nashriyotlarning nashr rejalarini shakllantirish, xalqaro aloqalarni mustahkamlash kabi yo‘nalishlarda faoliyat olib boradi.

Mamlakatimizda yiliga 3 ming nomdan ziyod, qariyb 60 million nusxada adabiyotlar nashr etilmoqda. Lekin ularni joylarga arzon narxlarda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish masalasida muammolar mavjud. Shuni hisobga olib, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi huzurida Kitob tarqatuvchilar assotsiatsiyasi tuzilishi belgilangan.

– Korxonamiz aynan kitob savdosi va targ‘iboti bilan shug‘ullanadi, – deydi mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi «Book sale» korxonasi rahbari A.Kamolov. – Mazkur assotsiatsiyaning tuzilishi va viloyatlarda o‘z vakiliga ega bo‘lishi biz har kuni duch keladigan muammolarni bartaraf etishda ayni muddao bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Shu kunlarda assotsiatsiyaning tashkiliy jihatlari ko‘rib chiqilmoqda.

O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi

Axborot xizmati