Asosiy menu

Aytmoq uchun so’zamol so’z bo’lishi kerak

Tarix hech qachon yosh mustaqil davlatlar uchun rahmli, shafqatli bo’lmagan. Har bir mustaqil davlatni tarix og’ir va mashaqqatli sinovlardan o’tkazadi. Mana shu imtihonlarga bardosh bera olgan, o’z suverineteti yo’lidagi dovonlarni zabt  eta olgan xalqgina  keyingi marralarni  egallashi,  porloq kelajagini bunyod  etishi mumkin.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi, shak-shubhasiz, tariximiz, taraqqiyot yo’limizga  katta burilish uchun zamin  yaratadi. Zero, bugun  bu Murojaatnoma har bir o’zbekning, o’zbekistonlikni  yangicha munosabat,  yangicha  fikrlash, har bir sohaga innovatsion yondashuv,  yanada jipslashib, MUQADDAS ZAMINimiz, kelajak avlod uchun chin dildan mehnat qilishga, fidoyilikka undamoqda. Bugungi murakkab zamonda aslida boshqacha bo’lishi ham mumkin  emas. 

Prezidentimiz o’z murojaatnomasida keltirganidek, «...suv kelsa simirib, tosh kelsa kemirib bo’lsa ham, tanlagan yo’limizdan qaytmasligimiz shart».

Yurtboshimiz belgilab bergan mana shu ulkan islohotlar yo’lida biz – ommaviy axborot vositalari xodimlari, noshirlarning pozitsiyamiz qanday bo’lishi kerak?  Eng avvalo, nazarimizda, murojaatnomadagi har bir matlab, muddaoni fuqarolarimizning qalbidan o’rin olishi, dasturilamalga aylanishi uchun muttasil, izchillik bilan ishlashimiz lozim. Prezidentimiz hayotimizdagi barcha kamchiliklar, illatlarning sabablarini aniq ko’rsatib berdilar. Ushbu illatlarni  ildiziga bolta urish, tag-tomiridan sug’urib olish jurnalistlardan katta kurash talab qiladi. Buning uchun qurolimiz — so’zimiz salmoqli, ta'sirchan bo’lmog’i kerak.

«Hurriyat» gazetasida chop  etilgan maqolalarimizdan birining  sarlavhasi «Biz aytmasak, kim aytadi?!»  edi. Bu sarlavhani qo’yishdan maqsad biz – OAV vakillari Prezidentimizga islohotlarni amalga oshirish uchun yordam berish  burchimiz  ekanligini ta'kidlash  edi. Chunki, keng omma bilan muloqotda bo’lish, ularning muddaolarini echimini topishga elkadosh bo’lish,  kamchilik, to’siqlarni fosh  etish, jamiyatdagi  sog’lom ma'naviy muhitni  yaratishdek sharafli ish bizning birdan bir vazifamiz-ku! Afsuski, bu vazifani, xalqimiz, Vatanimiz oldidagi burchni ado  etish uchun sohamizda hali chinakam professionalizm etishmaydi. Aksariyat gazeta va jurnallar  sahifalari mantiqsiz, maqsad-muddaosiz, boshqa mamlakatlar domenidagi internet materiallari bilan zo’rma-zo’raki to’ldirilyapti. Bunday ish tamoyili, ayniqsa, bir qator nodavlat ommaviy axborot vositalariga xos bo’lib qolmoqda. Biz hali  xalqimizning dardiga malham bo’ladigan, milliy manfaatlarimizga xizmat qiladigan so’zimizni to’laqonli aytganimiz yo’q.  Eski shablonlardan qutilib, jurnalistikaning  eng zamonaviy vositasi hisoblanmish Internet tarmog’idan samarali foydalanmayapmiz. Prezidentimiz aynan mana shunday «bơshliq»ni to’ldirish uchun Jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar vositalari universitetini tashkil  etish zarurligini ta'kidladilar. Umid qilamizki, bo’lajak universitetda  zamonamizning ommaviy kommunikasiya  sohasidagi ilg’or tajriba, nazariya  va amaliyotning uyg’unligida tashkil   etilgan ta'lim jarayoni o’z samarasini beradi.

 

Shoqahhor Salimov,

Ơzbekiston matbuot va axborot agentligi etakchi mutaxassisi.