Asosiy menu

O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi Hay'atining kengaytirilgan yig‘ilishi to‘g‘risida ma'lumot


O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi 
Hay'atining kengaytirilgan yig‘ilishi to‘g‘risida ma'lumot

Joriy yilning 23 yanvar kuni O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi Hay'ati raisi o‘rinbosari K. T. Mansurovning raisligida va Agentlik markaziy apparati tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari, hududiy boshqarma boshliqlari va mas'ul xodimlari hamda tizimdagi korxona, tashkilotlar rahbar va mas'ul xodimlari ishtirokida O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi 
Hay'atining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Mazkur yig‘ilishda:

 I. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tizimidagi korxona va tashkilotlarning 2016 yildagi  ijtimoiy-iqtisodiy faoliyati yakunlari, iqtisodiy islohotlarning borishi,  IX Xalqaro sanoat yarmarkasi va kooperatsion birjasi doirasida korxona va tashkilotlar tomonidan mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan tuzilgan shartnomalarning ijrosi va 2016-2017 o‘quv yili uchun  darsliklar va o‘quv qo‘llanmalarining chop etilishi  holati hamda  Agentlik tizimidagi  korxona-tashkilotlarning  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma'ruzasidan kelib chiqadigan vazifalarining bajarilishi;

II. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi hamda uning tizimidagi korxona va tashkilotlarda «Sog‘lom ona va bola yili» Davlat dasturida belgilangan vazifalarning bajarilishi;

III. Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 6 yanvardagi 08-08-8 son bayonida Agentlikka yuklatilgan vazifalar ijrosi hamda Agentlik tizimidagi NMIUlarning 2016 yil bo‘yicha mavzu rejalarining ijrosi va 2017 yil mavzu rejalarini shakllantirish masalalari;

IV. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 15 maydagi «Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta'minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari  to‘g‘risida»gi PF-4725-son qarori ijrosini ta'minlash maqsadida Agentlikning davlat xizmatlarini interaktiv ko‘rinishga o‘tkazish, noshirlik, OAV va matbaa sohalaridagi yuridik va jismoniy shaxslardan kelib tushadigan arizalarning ma'lumotlar bazasini yaratish, qayta ishlash va ko‘rib chiqish uchun yagona avtomatlashtirilgan tizim ishlab chiqish va ish jarayoniga tatbiq etish;

V. Hududiy boshqarmalar tomonidan ommaviy axborot vositalarini davlat ro‘yxatiga olishda O‘zbekiston Respublikasining «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi Qonuni, Hukumatning 2006 yil 11 oktyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi 214-son qarori talablariga rioya etilishi holati  hamda 2017 yil 1 yanvar holatiga Davlat Reyestrini tasdiqlash;

VI. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tizimidagi korxona va tashkilotlarda 2016 yilning 4-choragida ijro intizomiga rioya etilishi monitoringi yakunlari, bu borada hududiy boshqarmalarda o‘tkazilgan maqsadli o‘rganishlar natijalari to‘g‘risida hamda Agentlikning 2016 yil II- yarim yillik ish rejalarida belgilangan vazifalarning bajarilishi va 2017 yil I-yarim yillik Ish rejalarini tasdiqlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Majlis davomida Agentlik tizimidagi korxonalar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 25 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining 2016 yilgi Investitsiya dasturi haqida»gi PQ-2458-son qaroriga muvofiq umumiy qiymati 1,44 mln. AQSh dollari hajmidagi modernizatsiya ishlarini amalga oshirish belgilanganligi, hamda, shu kungacha amalga oshirilgan sa'y-harakatlar natijasida joriy yilda jami 1,45 mln. AQSh dollarlik modernizatsiya ishlari amalga oshirilib, belgilangan reja 100,7 foizga bajarilganligi ta'kidlandi. 

Jumladan, G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan qiymati 116,0 ming AQSh dollarilik «CtP Agfa Avalon» rusumidagi fotoplyonkasiz qolip tayyorlash uskunasi, qiymati 238,0 ming AQSh dollarilik «Perfecta Trim-Star-80» rusumli uch tomonlama kesish uskunasi hamda qiymati 1,096 mln. AQSh dollarilik «Heidelberg Speedmaster CD-102» rusumli 4 bo‘yoqli ofset usulida chop etish uskunasi xarid qilinib, ishga tushirildi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2015 yilning 28 dekabrida tasdiqlangan Tarmoq grafigiga muvofiq joriy yilda ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish hisobiga 20 ta yangi ish o‘rinlari ochilishi rejalashtirilgan bo‘lib, unga ko‘ra amalda 27 ta ish o‘rinlari tashkil etilib, reja 135,0 foizga bajarilganligi ma'lum qilindi.

Mamlakatimizda 2016 yilning  - «Sog‘lom ona va bola yili» deb e'lon qilinishi munosabati bilan «Sog‘lom ona va bola yili» Davlat dasturini amalga oshirish bo‘yicha Respublika komissiyasining 2016 yil 15 fevraldagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 9 fevraldagi «Sog‘lom ona va bola yili» Davlat dasturi to‘g‘risida»gi PQ-2487-son Qarori ijrosini ta'minlash chora-tadbirlarini belgilashga bag‘ishlangan 26-son yig‘ilishi bayoniga muvofiq Agentlikning 2016  yil 3 martda chiqarilgan 59-son buyrug‘i bilan «Sog‘lom ona va bola yili» Davlat dasturini amalga oshirishga qaratilgan tarmoq dasturi» tasdiqlangan edi.

Mazkur dasturga asosan O‘zbekiston milliy axborot agentligi, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, «Xalq so‘zi» - «Narodnoye slovo», «Pravda Vostoka» gazetalari tahririyatlarining «Sog‘lom ona va bola yili» Davlat dasturi mazmun-mohiyatini ochib berishga qaratilgan maqola va materiallar, teleko‘rsatuv va radioeshittirishlarning qo‘shma-rejasi» ishlab chiqildi.

«Sog‘lom ona va bola yili» Davlat dasturining maqsad va vazifalari to‘g‘risida keng miqyosli tushuntirish ishlarini ta'minlash maqsadida ommaviy axborot vositalariga «2016 yil - Sog‘lom ona va bola yili», «Sog‘lom bola - sog‘lom oila mevasi», «Bolalar sporti», «Sog‘lom bola - kelajagimiz», «Buyuk ajdodlarimiz», «Sog‘lom oila», «Nikoh va oila», «Ta'lim va yoshlar», «Mahalla har bir bola uchun mas'ul», «Farzandlari sog‘lom yurt», «Sog‘lom muhit - sog‘lom oila», «Ota-onalar universiteti», «Ayol, oila va jamiyat», «Zamonaviy QVP» kabi o‘ndan ortiq maxsus ruknlar tashkil etildi. Ushbu mavzuni yetakchi yo‘nalish  sifatida, ommaviy axborot vositalarining ixtisoslashuvidan qat'i nazar, muntazam yoritib borish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
Materiallarda Davlat dasturida belgilangan vazifalarning  ijrosiga oid ma'lumotlar yoritib kelinmoqda. Respublika ommaviy axborot vositalarida 2016 yilning to‘qqiz oyida «Sog‘lom ona va bola yili» Davlat dasturi ijrosiga bag‘ishlangan 27 mingdan ortiq (shu jumladan, Agentlik muassisligidagi gazeta-jurnallarda 500 dan ortiq) ko‘rsatuv, eshittirish, lavha, maqola, sharh, ocherk, xabar kabi janrlardagi materiallar e'lon qilindi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 15 maydagi «Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta'minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-4725 sonli farmoni ijrosini ta'minlash maqsadida Agentlikning davlat xizmatlarini interaktiv ko‘rinishga o‘tkazish, noshirlik, OAV va matbaa sohalaridagi yuridik va jismoniy shaxslardan kelib tushadigan arizalarning ma'lumotlar bazasini yaratish, qayta ishlash va ko‘rib chiqish uchun yagona avtomatlashtirilgan tizim ishlab chiqish va ish jarayoniga tatbiq etish borasidagi qator tadbirlari amalga oshirildi, xususan,  Agentlik o‘z davlat xizmatlarini inventarizatsiya-xatlovdan o‘tkazib, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga reglamentlarini joylashtirdi.

Agentlik tomonidan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlarini interaktiv ko‘rinishga o‘tkazish, noshirlik, OAV va matbaa sohalaridagi yuridik va jismoniy shaxslardan kelib tushadigan arizalarga oid  ma'lumotlar bazasini yaratish, qayta ishlash va ko‘rib chiqish maqsadida yagona avtomatlashtirilgan tizim ishlab chiqish bo‘yicha tanlov e'lon qilinib, tanlov natijalariga ko‘ra maxalliy dasturiy ta'minot ishlab chiqaruvchi korxona bilan shartnoma imzolandi.

Ushbu axborot tizimi o‘z ichiga Agentlik tomonidan 3 ta davlat xizmatlarining arizalarini onlayn tarzda veb sayt va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qiladi va bu arizalar bilan ishlash jarayonini avtomatlashtiradi. Bundan tashqari arizalari rad etilganlarning ma'lumotlarini ham saqlaydi. Reyestrlarni filtrlash, har xil jadvallarga ishlov berish imkoniyatlari mavjud bo‘lib, reyestrlar onlayn tarzda to‘ldirib boriladi. 

Ishlab chiqilayotgan axborot tizimi 100 % ochiq dasturiy kod (Open Source) dasturlash tili va ma'lumotlar bazasida yaratilmoqda.

Bugungi kunda respublikamizda gazeta, jurnal, axborotnoma-byulleten, radio, televideniye, axborot agentliklari, veb-saytlar kabi jami yetti turdagi ommaviy axborot vositalari ro‘yxatga olinmoqda. 

2017 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra ro‘yxatga olinib, davlat reyestriga kiritilgan ommaviy axborot vositalarining umumiy soni 1514 tani tashkil etadi. Ulardan 691 tasi gazeta, 309 tasi jurnal, 15 tasi axborotnoma-byulleten, 4 tasi axborot agentligi, 65 tasi televideniye, 35 tasi radio, 395 tasi veb-saytlardir. 

2017 yilning 1 yanvariga qadar Agentlik va uning hududiy boshqarmalari tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha jami 134 ta (42 ta bosma, 92 ta elektron (radio,TV, veb-saytlar) arizalar ko‘rib chiqilib, amaldagi qonunchilik talablari asosida ular tegishli tartibda ommaviy axborot vositalari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib,  tegishli guvohnomalarga ega bo‘ldilar.

Iqtisodiy tang ahvolda qolganligi hamda turli sabablarga ko‘ra faoliyat ko‘rsatmayotganligi uchun 2016 yilda 35 ta (25 ta gazeta, 10 ta jurnal, 1 axborotnoma-byulleten) bosma, 5 ta (4 ta veb-sayt, 1 ta televideniye) elektron OAVlarning chiqarilishi muassislarining qarorlariga ko‘ra, shuningdek, 5 ta gazeta, 1 ta jurnal, 1 telekanal faoliyati Agentlik da'vo arizalariga muvofiq Xo‘jalik Sudlari qarorlariga asosan tugatilib, davlat reyestridan chiqarildi. Qolgan bosma va elektron OAVlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilish holatlari bartaraf etilib, ommaviy axborot vositalari tahririyatlari amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq nashr etilishi hamda majburiy nusxalarining o‘z vaqtida yetkazilishi ta'minlanganligi to‘g‘risida so‘z yuritildi.

Shu bilan birga Agentlikning 2016 yil II- yarim yillik ish rejalarida belgilangan vazifalarning bajarilishini ta'minlash masalasi  ko‘rib chiqildi va 2017 yil I-yarim yillik Ish rejasi tasdiqlandi.

Ko‘rib chiqilgan masalalar bo‘yicha Hay'at tomonidan tegishli qarorlar qabul qilinib, ularda asosiy va ustuvor vazifalar belgilandi hamda ularning  ijrosi yuzasidan amaliy  tavsiyalar berildi.  

O‘zbekiston matbuot va axborot 
agentligi matbuot xizmati