Asosiy menu

"Bolalar kitobi" II Respublika festivali

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Yoshlar siyosati, ta'lim, madaniyat va sport masalalari majmuasining 2015 yil 2 sentyabrdagi majlisi 18-son bayoni (№ 07/35-9, 04.09.2015 yil) qarorida belgilanganiga muvofiq, joriy yilning 17-19 sentyabr kunlari O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tomonidan Madaniyat va sport ishlari vazirligi, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan hamkorlikda Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyat markazlarida «Sog‘lom va ma'naviy yetuk avlod - yurt kelajagi!» shiori ostida «Bolalar kitobi» II Respublika festivali o‘tkaziladi.

Mazkur festivalning asosiy maqsadi:

- mustaqillik yillarida adabiyot, madaniyat va noshirlik sohalarida qo‘lga kiritgan yutuq va marralarimizning ma'no-mohiyatini hamda bolalar adabiyotini rivojlantirish, farzandlarimiz ma'naviyatini yuksaltirishga, qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulug‘lashga davlat darajasida berilayotgan e'tiborni keng jamoatchilikka yetkazish;
- o‘sib kelayotgan avlodni milliy mustaqillik g‘oyalari va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, intellektual rivojlangan va ma'nan barkamol qilib voyaga yetkazishda kitobning o‘rni va ahamiyatini yanada kengaytirish, yoshlarning milliy adabiyotga bo‘lgan qiziqishini, kitobga bo‘lgan hurmatini oshirish hamda kitobxonlik va mutolaa madaniyatini shakllantirishga hissa qo‘shish;

- bolalar uchun mo‘ljallangan ijtimoiy-badiiy jihatdan yetuk adabiyotlar salmog‘ini ko‘paytirish hamda bolalar adabiyotiga ixtisoslashgan nashriyotlar faoliyatini ma'naviy qo‘llab-quvvatlashdan iboratdir.

Hurmatli yurtdoshlar!

Muhtaram poytaxtimiz mehmonlari!

Ushbu festivalning asosiy tadbirlari joriy yilning 17-19 sentyabrida Toshkent shahrining G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida, 17 sentyabr kuni soat 16:00 da esa «Turkiston» konsert saroyida «Bolalar kitobi» II Respublika festivali»ning ochilishiga bag‘ishlangan «Kitob-ma'naviyat sarchashmasi» nomli  tantanali marosim va shou konsert  bo‘lib o‘tadi. Festival doirasida bolalarga mo‘ljallangan turli janrdagi adabiy-badiiy kitoblar, shuningdek, ilmiy-ma'rifiy, ijtimoiy-siyosiy, madaniy hamda ensiklopedik yo‘nalishdagi kitoblarning taqdimotlari, taniqli adib va shoirlar bilan uchrashuvlar, sovrinli viktorinalar, bolalar teatrlari, respublika qo‘g‘irchoq teatri artistlarining tomoshalari, san'at ustalari va yosh ijrochilarning konsertlari tashkil etiladi.

«Bolalar kitobi II» Respublika festivaliga marhamat qiling!

Festival tadbirlariga kirish erkin!

Ma'lumot uchun telefonlar - 244 -12- 61,
244-32-33.